Oʻzbekiston aholisining umumiy daromadlari 2025-yilda 1,13 kvadrillion soʻmdan oshdi. Statistika qoʻmitasi tahliliga koʻra, jami daromadlar real hisobda 2024-yildagiga nisbatan 9,2 foizga oʻsgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar 29,9 million soʻm boʻlib, bunda nominal oʻsish surʼati 16,6 foizni, real oʻsish 7,2 foizni tashkil etgan.
Aholi jon boshiga oʻrtacha umumiy daromadlar boʻyicha Toshkent shahri yetakchilik qilgan — 73,9 million soʻm. Keyingi oʻrinlarni Navoiy (44,7 million soʻm), Buxoro (35,2 million soʻm) va Xorazm (31,1 million soʻm) viloyatlari band etgan. Mazkur koʻrsatkichlar oʻrtacha respublika darajasidan yuqori shakllangan. Eng past koʻrsatkich esa Qoraqalpogʻistonda qayd etilgan — 20,6 million soʻm. Qolgan hududlarda aholi jon boshiga umumiy daromadlar qiymati quyidagicha boʻlgan:
- Namangan viloyati — 21,3 million soʻm;
- Surxondaryo viloyati — 22,6 million soʻm;
- Jizzax viloyati — 22,9 million soʻm;
- Sirdaryo viloyati — 23,3 million soʻm;
- Qashqadaryo viloyati — 23,5 million soʻm;
- Samarqand viloyati — 24,5 million soʻm;
- Fargʻona viloyati — 24,6 million soʻm;
- Andijon viloyati — 26,3 million soʻm;
- Toshkent viloyati — 29,8 million soʻm.
Aholi umumiy daromadlarining 34 foizi mustaqil ravishda band boʻlishdan, 29,6 foizi transfertlardan (pensiya, nafaqa, stipendiya), 26,4 foizi yollanma ishchilar xizmatlaridan kelgan. Yana 3,3 foiz qismi mol-mulkdan olingan daromadlar hisoblanadi.








