Daryo

“Soliq siyosati qayta koʻrib chiqilishi kerak” — iqtisodchi YTT va oʻzini oʻzi band qilganlar QQSga tortilishi haqida

Aylanmasi 1 mlrd soʻmga yetmagan ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar QQS toʻlashga oʻtkazilgan. Bundan biznes vakillari xavotirda. Iqtisodchi Islombek Niyozmetov YTT va oʻzini oʻzi band qilganlarni QQSga tortish mutlaqo notoʻgʻri ekanini aytdi. Professor soliq siyosatini qayta koʻrib chiqishga chaqirdi.

5 daqiqa o‘qish26 449 ko‘rishlar1 izoh66

Ijtimoiy tarmoqlarda pul aylanmasi bir milliard soʻmga yetmagan yakka tartibdagi tadbirkorlardan qoʻshilgan qiymat soligʻi undirishga oʻtilgani haqida xabar tarqaldi. Bu holat biznes vakillarida xavotir uygʻotmoqda. Soliq qoʻmitasi yangi tartib amaldagi qonunlarga muvofiqligini maʼlum qildi. Iqtisodchi Islombek Niyozmetov esa mazkur yoʻnalishdagi soliq siyosati notoʻgʻri yuritilayotganini aytdi. Xoʻsh, endi nima boʻladi?

Foto: “Daryo”

Biznes xavotirda

Ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) soliq bilan bogʻliq muammoga duch kelayotgani haqida xabar tarqaldi. Qayd etilishicha, yillik pul aylanmasi 1 milliard soʻmga yetmaganlar ham qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) toʻlashni boshlagan. Tabiiyki, bu holat eʼtirozlar uygʻotmoqda.

Kichik biznes vakillari QQSga tortish jarayoni oldindan ogohlantirishsiz, avtomatik tarzda amalga oshirilayotganini bildirgan. Natijada ular qoʻshimcha hisobotlar topshirish, elektron hisob-fakturalar yuritish, murakkab buxgalteriya talablari va jarimalar xatari bilan yuzma-yuz qolayotgani aytilgan. Alaloqibat mazkur holat biznes rentabelligiga salbiy taʼsir qilishidan xavotir kuchaygan.

Foto: “Daryo”

Oʻzi nima gap?

2025-yil dekabrda Soliq kodeksining 462-moddasi 8-qismiga oʻzgartirish kiritilgan. Bundan avval yangi ochilgan YTT yillik daromadi 1 milliard soʻmdan oshsa, kelasi oydanoq QQS va foyda soligʻini toʻlashga oʻtardi. 2026-yildan esa tartib oʻzgardi. Endi yangi rasmiylashtirilgan YTT yoki oʻzini oʻzi band qilganlar daromadi ular roʻyxatdan oʻtgan kundan yil yakunigacha boʻlgan vaqt boʻyicha hisoblanadi. Mazkur davrda miqdor 1 milliard soʻmdan oshsa, tadbirkor darhol emas, roʻyxatdan oʻtganidan bir yil oʻtgach QQS va foyda soligʻini toʻlay boshlaydi. Soliq qoʻmitasi vaziyat boʻyicha izoh berib, nazorat summasi quyidagi tartibda aniqlanishini bildirdi.

Foto: “Daryo”

1 milliard soʻm 365 kunga boʻlinib, soliq toʻlovchi roʻyxatdan oʻtgan sanadan yil oxirigacha boʻlgan kunlar soniga koʻpaytiriladi. Masalan, agar YTT 2025-yil 1-oktabrda roʻyxatdan oʻtib, yil oxirigacha 300 million soʻm daromad oldi. Bu miqdor hisoblangan 252,05 million soʻmlik nazorat koʻrsatkichidan yuqori boʻladi va u 2026-yil 1-yanvardan QQS hamda foyda soligʻini toʻlashga oʻtadi, deya maʼlum qildi qoʻmita.

​Deylik, YTT 2025-yil 1-noyabrda roʻyxatdan oʻtib, yil oxirigacha 150 million soʻm daromad oldi. Noyabr va dekabr oylari uchun nazorat summasi 167,12 million soʻm boʻladi. Demak, tadbirkor daromadi mazkur koʻrsatkichidan kam boʻlgani uchun QQS va foyda soligʻi toʻlamaydi. Agar koʻrsatilgan miqdordan koʻp daromad olinsa, 2026-yildan mazkur soliqlarni toʻlashga oʻtadi. Umuman olganda, ushbu tartib yangi roʻyxatdan oʻtgan YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar faoliyatiga taalluqli. Ilgari roʻyxatdan oʻtganlar daromadi yil boshidan yillik aylanma asosida hisoblanadi. Ular daromadi bir milliard soʻmdan oshgan kundan eʼtiboran QQS va va foyda soligʻi toʻlovchisiga aylanadi.

Kodeksda agar tadbirkor QQS va foyda soligʻini toʻlashga ixtiyoriy oʻtsa-yu, yillik daromadi bir milliard soʻmdan oshmasa, aylanmadan olinadigan soliq toʻlashga kamida 12 oydan keyin oʻtishiga toʻgʻri kelishi yozilgan. Yaʼni ungacha QQS va foyda soligʻi toʻlashga majbur boʻladi. 

2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 284,4 mingta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritmoqda. 2025-yil iyun yakunigacha respublikada 5,5 million kishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgani maʼlum qilingan.

Foto: “Daryo”

Yangi tartib nimalarga olib keladi?

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Islombek Niyozmetov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga (OʻOʻBQSH) nisbatan notoʻgʻri soliq siyosati yuritilayotganini aytdi. Iqtisodchi fikricha, kichik, ayniqsa, mikrobiznes ogʻir soliqlardan himoyalanishi muhim.

Islombek Niyozmetovning taʼkidlashicha, oʻzini oʻzi band qilganlik va yakka tartibdagi tadbirkorlik Oʻzbekistonda oʻzining asl mohiyatini yoʻqotgan.

Xususan, YTTga ishchi yollash huquqi berilgani, aslida, notoʻgʻri boʻlgan. Mohiyatiga koʻra, u yakka, yaʼni yolgʻiz bir oʻzi faoliyat yuritadigan tadbirkor boʻlishi kerak. Shunda ishchilaridan daromad soligʻini ushlab, byudjetga oʻtkazadigan soliq agenti boʻlmas edi. Shu bilan birga, oʻzini oʻzi band qilganlarni tadbirkorlik subyekti deb boʻlmaydi. Chunki 2020-yilda bu institut joriy qilinganida ularga oʻzining yakka tartibdagi shaxsiy mehnatiga asoslangan holda daromad topuvchi oddiy jismoniy shaxs maqomi berilgan. Butun dunyoda ham mustaqil band shaxslarga shunday qaraladi. Ularning tushumlari tadbirkorlik aylanmasi emas, mehnat daromadi hisoblanadi. Shunday ekan, jismoniy shaxslar oddiy tartibda daromad soligʻi toʻlashi lozim. Oʻzini oʻzi band qiluvchilar hech qachon tadbirkorga tenglashtirilmasligi zarur. Ularning aylanmadan soliq, qoʻshilgan qiymat soligʻi yoki foyda soligʻi toʻlashi mutlaqo notoʻgʻri. Chunki mazkur soliqlar tadbirkorlik soliqlari hisoblanadi, dedi olim.

Foto: “Daryo”

Iqtisodchi oʻzini oʻzi band qilganlar dastlab yillik daromadi 100 million soʻmdan oshganda yakka tadbirkor sifatida soliqqa tortilishi, joriy yildan boshlab esa toʻliq YTTga tenglashtirilgani holda aylanmadan soliqqa oʻtkazib yuborilgani katta xato ekanini aytdi. Endilikda YTT va OʻOʻBQSH uchun jismoniy shaxs sifatida deklaratsiya asosida daromad soligʻi toʻlash imkoniyati yoʻqqa chiqarildi.

Soliq qonunchiligidagi chigallik tufayli oʻzining QQSga oʻtib ketganini bilmay qolish, natijada QQS toʻlovchisining maxsus guvohnomasini vaqtida ololmaslik oqibatida nafaqat YTT va OʻOʻBQSH, balki koʻplab kichik biznes subyektlari nomigagina “QQS” boʻlgan, aslida, 12 foizlik aylanma soligʻi effektini berayotgan soliqni toʻlab berishga majbur boʻlmoqda.

Mohiyatiga koʻra, qoʻshilgan qiymat soligʻi aynan qoʻshilgan qiymatga tushishi kerak, butun “oborot”ga emas. Soliq kodeksidagi murakkabliklar va QQS guvohnomasini berish bilan bogʻliq “oʻyinlar” tufayli soliq organlari tadbirkorlik subyektlaridan 12 foizli “aylanmadan soliq” undirmoqda. Yaʼni tadbirkorning butun daromadiga nisbatan QQS hisoblanadi. Lekin kirim qilingan (kiruvchi) QQS chegirib tashlanmaydi. Bu yakunda QQS emas, 12 foizlik aylanmadan soliq boʻlib qoladi. Mazkur amaliyot juda ham yomon, dedi mutaxassis.

​Islombek Niyozmetov yakka tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilganlarga nisbatan notoʻgʻri soliq siyosati yuritilayotgani yomon oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi. QQS toʻlash ularga moliyaviy zarba berishini aytib, soliq yuki oshib ketishini taʼkidladi. Buning ortidan faoliyat yuritish murakkablashadi, balki toʻxtab qolishi ham mumkin. Oʻz navbatida, huquqbuzarlik koʻpayishi fonida korrupsiya avj olishi ehtimoli ham yuqori.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar