Qirg‘izistonning 35 mingga yaqin fuqarosi Rossiyadan deportatsiya qilinish xavfi ostida. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, o‘tgan yilning noyabr oyida ushbu ro‘yxatda 128 mingga yaqin qirg‘izistonlik mavjud edi. O‘shandan beri ko‘pchilik o‘zini ro‘yxatda tekshirib, qonuniy maqomini rasmiylashtirgan.
Shu bilan birga, u Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi yuzaga kelgani sababli mamlakat migratsiya siyosatini yumshatishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan.“Mas’uliyatli fuqarolarning katta qismi o‘zini reyestrda tekshirib, huquqiy maqomini qonuniylashtirish imkoniyatidan foydalangan. Biroq Qirg‘iziston davlati va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ko‘rilgan choralarga qaramay, fuqarolarning bir qismi hamon ro‘yxatda qolmoqda va ular Rossiyadan deportatsiya qilinishi mumkin” , deb ta’kidladi Kulubayev.
Shuningdek, TIV rahbari qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarining qaytishi ko‘plab loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi kuchi talab qilinadigan Qirg‘izistonning o‘zi uchun ham foydali ekanini qayd etgan. U Rossiyada 90/180 kunlik bo‘lish rejimi amal qilishda davom etayotganini va qirg‘izistonlik muhojirlar mamlakatda bo‘lishlarini ushbu talablarga moslashtirishlari zarurligini eslatgan.
2024-2025-yillarda Rossiya migratsiya qonunchiligini kuchaytirdi. Jumladan, o‘tgan yilning 5-fevralidan boshlab migratsiya nazorati ostidagi shaxslar reyestri amal qila boshladi. Bu reyestrga kiritilish huquqlarning jiddiy cheklanishiga olib keladi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, xorijda 608 mingdan ortiq Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib, ulardan 376 907 nafari Rossiyada migratsiya ro‘yxatida turadi.
Avvalroq Rossiyada bo‘lib turgan 770 ming nafar noqonuniy migrant mamlakatni tark etmasa, majburiy deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Bundan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sonining o‘sishi 2030-yilgacha saqlanib qoladi. Bu chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq. Yangi konsepsiyada migratsiya siyosatining maqsadi, vazifalari va yo‘nalishlari belgilangan.
Sentyabr oyida Rossiyada ishlamaydigan migrant oilalar uchun pullik yashash tartibini joriy etish taklif qilingandi.
Rossiyada 1-sentyabrdan boshlab qo‘shimcha davlat bojlari joriy etildi. Bular qatoriga ro‘yxatdan o‘tkazish, migratsiya hisobi va mehnat faoliyatiga ruxsat berish bilan bog‘liq to‘lovlar ham kiradi.








