Daryo

Rossiya sovet askarlari jasadlari qazib olingani ortidan Litva elchisini chaqirtirdi

Moskva buni vahshiylik va harbiy qabrlarni tahqirlash deb qoraladi. Eksgumatsiya “Sovetlashtirishdan voz kechish to‘g‘risidagi” qonun bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

1 daqiqa o‘qish18 599 ko‘rishlar0 izoh14

Rossiya 1-iyun kuni Litvaning Moskvadagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirdi. Bunga Boltiqbo‘yi mamlakatida sovet askarlari jasadlarining eksgumatsiya qilinishi sabab bo‘ldi. Rossiya buni vahshiylik va harbiy qabrlarni tahqirlash deb qoraladi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

Litva diplomati Yolanta Tubaitega keskin norozilik bildirildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Litva hukumati Vieviss shahrida fashizm zulmidan ozod qilish janglarida halok bo‘lgan sovet askarlari va ofitserlari qabristonini yo‘q qilish bo‘yicha yangi vahshiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu yerda Ikkinchi jahon urushidagi fashistlar Germaniyasiga qarshi kurash nazarda tutilmoqda.

“Uchrashuvda harbiy qabrlarni, jumladan, xorijdagi qabrlarni yo‘q qilish, ularga zarar yetkazish yoki tahqirlash Rossiyada jinoiy javobgarlik hisoblanishi ko‘rsatib o‘tildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, Litvada halok bo‘lgan askarlar jasadlarini tahqirlashga qaratilgan g‘arazli kampaniya tobora avj olayotgani qo‘shimcha qilindi.

Yolanta Tubaite bundan avval, 30-aprelda ham chaqirtirilgan edi. O‘shanda Litva hukumati mamlakat shimolidagi Siauliai shahrida dafn etilgan Qizil armiya askarlarining jasadlarini qabrdan kavlab olgan edi.

Litva ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, jasadlarni eksgumatsiya qilish “Desovetizatsiya (sovetlashtirishdan voz kechish) to‘g‘risidagi qonun” bilan bog‘liq. Ushbu qonun Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lgan bu davlatda 2023-yilda kuchga kirgan.

Rossiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar hozirda eng quyi darajaga tushgan. Chunki bu davlatlar Ukrainaning eng ashaddiy tarafdorlari hisoblanadi.

Boltiqbo‘yi davlatlari 1991-yilda Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishganidan beri muntazam ravishda Moskva bilan ziddiyatlar yuzaga kelmoqda. Bu kelishmovchiliklar, ayniqsa, sovet davridagi yodgorliklar va mintaqadagi yirik rusiyzabon aholining maqomi tufayli kelib chiqmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar