Daryo

“Antikorrupsiya” sayti muxbiri 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi

U tuhmat, haqorat qilish, tovlamachilik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Fuqaro 2021-yilda ham Jinoyat kodeksining tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishni nazarda tutuvchi moddasida aybli deb topilib, 3 yilga qamalgan.

1 daqiqa o‘qish9 652 ko‘rishlar0 izoh7

Farg‘onada “Antikorrupsiya” sayti muxbiri Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari xabar qildi.

Qayd etilishicha, Marg‘ilon shahar sudida 2026-yil 20-yanvar kuni muxbir bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan E.T.ga sud hukmi o‘qildi.

U tuhmat, haqorat qilish, tovlamachilik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatish, shuningdek, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalari davlat raqam belgilari bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida 3 yil 10 oy, shuningdek, 60,61-moddalariga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganini bekor qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

E.T. tayinlangan jazo muddatini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Ushbu shaxs 2021-yilda Jinoyat kodeksining tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishni nazarda tutuvchi moddasida aybli deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Fuqaro o‘sha vaqtda “Effect.uz” saytining sobiq hamda “Taftish.uz” saytining amaldagi muxbiri bo‘lgan.

“Taftish.uz” xodimlari ishi

Avvalroq ushbu sayt vakillari bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti rasmiy bayonot bergandi.

Joriy yil 16-yanvar kuni soat 11:00 larda 1988-yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev, 1992-yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006-yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonov protsessual tartibda ushlangan.

Bunga 27 nafar fuqaro yo‘llagan murojaat, tegishli arizalar, tergovga taqdim etilgan audio va video yozuvlar, sud ekspertiza xulosalari, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar asos bo‘lgan.

Saytning sobiq rahbari G‘ayrat Aberayev o‘tgan yil avgust oyida internet-nashr direktori lavozimidan ozod etilgan. U 2023-yilda ham firibgarlik orqali jami 33,3 ming dollarni talon-toroj qilganlikda ayblangan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasiman. “Daryo”da 2025-yilning avgust oyidan buyon ishlayman. Xabarlar yozaman. Sevimli kitobim Jek Londonning “Martin Iden” asari. Har yili Andrey Tarkovskiyning “Nostalghia” filmini kamida bir marta qayta ko‘raman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar