“Taftish.uz” sayti xodimlari 16-yanvar kuni tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik)va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988-yilda tug‘ilgan Gʻayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” xodimlari 1992-yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006-yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonov protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda ularning Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-4-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
“Taftish.uz sayti yopilganligi haqidagi xabarlar asossiz bo‘lib, ushbu nashr kundalik faoliyatini davom ettirmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi, deyiladi poytaxt IIBB xabarida.
“Taftish.uz” veb-sayti 2021-yilning 24-martida OAV sifatida davlat ro‘yxatiga olingan. Saytning rahbari Gʻayrat Aberayev 2025-yilning avgustida ushbu internet-nashr direktori lavozimidan ozod etilgan. U 2023-yil noyabr oyida ham firibgarlik orqali jami 33,3 ming dollarni talon-toroj qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Gʻayrat Aberayev fuqarolarni aldab, saytning ijtimoiy tarmoqlardagi kanali orqali ularning muammolarini hal qilib berish evaziga pullarini olib, shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.








