O‘zbekiston 2025-yil dekabr oyi holatiga ko‘ra, Speedtest Global Index mobil internet tezligi reytingida 76-o‘rinni egalladi.
Qayd etilishicha, noyabr oyiga nisbatan mamlakat 5 pog‘onaga pastladi. Mobil internet tezligi 51,47 megabit sekund deb baholangan. O‘tgan yil iyun oyida reytingda mamlakat 103 davlat ichida 71-o‘rinda edi. Unda MDH davlatlarida Qozog‘iston birinchi o‘rinda bo‘lgan.
Shuningdek, simli internet tezligi ham yomonlashib, respublika 77-o‘rindan 83-pog‘onaga tushdi. Bunda o‘rtacha tezlik 90,94 megabit sekund bo‘lgan.
Eng tez mobil internet Birlashgan Arab Amirliklarida mavjud bo‘lib, 691,76 megabit soniyani tashkil etgan. Simli internet tezligida esa Singapur yetakchilik qilmoqda. Davlatda simli internet 410,06 megabit sekund tezlikda ishlaydi.
2025-yilning sentyabr oyida Samarqand va Qo‘qon shaharlari internet tezligida Toshkentni ortda qoldirgan.
Viloyatlar kesimida ham Samarqandda boshqa hududlardan yuqoriroq tezlik qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda — Buxoro va Navoiy hududlari bo‘lgan.








