Daryo

Nodirbek Abdusattorov blits bo‘yicha Jahon chempionati finalida Karlsenga mag‘lub bo‘ldi

Umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million yevroni tashkil etuvchi turnirning blits bahslarida o‘zbekistonlik shaxmatchi finalga qadar yetib bordi.

1 daqiqa o‘qish7 805 ko‘rishlar0 izoh3

Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million yevrodan ortiqni tashkil etadi.

Musobaqaning beshinchi kuni doirasida blits bahslari davom ettirildi. Unda o‘zbekistonlik grossmeyster dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsenga qarshi bahs olib bordi va 1,5:2,5 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa Karlsen rapid va blits bo‘yicha Jahon chempionatining har ikki yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.

Foto: “worldrapidandblitz2025.fide.com”

Bugun blits bahslarida yana 6 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ushbu bahslarda yaxshi natija qayd etib, 6 ta partiyadan 3 tasida g‘alaba qozondi, 2 ta uchrashuvda durang o‘ynadi va bitta partiyada mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, 19 imkoniyatdan 13 ochko jamg‘argan Abdusattorov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnir jadvalida 4-o‘rinni egalladi va yarim final ishtirokchisiga aylandi.

Yarim finalda Abdusattorov blits bahslarini 15 ochko bilan 1-o‘rinda yakunlagan hindistonlik Arjun Erigaisiga qarshi bahs olib bordi. O‘zaro qarama-qarshilikda o‘zbekistonlik grossmeyster 2,5:0,5 hisobida raqibidan ustun keldi va finalga yo‘ldi.

2025-yilgi Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov esa kun davomida 3 ta g‘alaba, 2 ta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etib, 12,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 14-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi musobaqada qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U finalda ukrainalik Anna Muzichuk ustida 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: “worldrapidandblitz2025.fide.com”

O‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar orasida eng yaxshi natija Umida Omonovaga tegishli bo‘ldi. U 10 ochko bilan musobaqani 8-o‘rinda yakunladi.

Ma’lumot uchun, rapid bo‘yicha bellashuvlarda Magnus Karlsen va Aleksandra Kostenyuk Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar