Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati davom etmoqda. Ushbu nufuzli musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million yevrodan ortiqni tashkil etadi.
Musobaqaning ikkinchi kuni doirasida rapid bahslari bo‘yicha yana to‘rtta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ushbu o‘yinlarda yuqori natija qayd etib, to‘rtta partiyadan uchtasida g‘alaba qozondi va bir uchrashuvni durang bilan yakunladi.
Kunning eng muhim bahslaridan biri 9-turda bo‘lib o‘tdi. Qora donalarda harakat qilganiga qaramay, Nodirbek amaldagi Jahon chempioni — hindistonlik Gukesh Dommarajuni mag‘lub etdi.
Mazkur natijalardan so‘ng Abdusattorov 9 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarildi.
Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov esa kechagi kun doirasida ikki g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 12-o‘rinda bormoqda.
9-turdan so‘ng FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan, musobaqa davomida Magnus Karlsenga mag‘lubiyat taqdim etgan rossiyalik Vladislav Artemyev hamda AQSh vakili Hans Niemann 7,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Magnus Karlsen, Aleksey Sarana, Kaan Erdog‘mus va Nodirbek Abdusattorov 7 ochkodan jamg‘argan. Javohir Sindorov va yana 12 nafar shaxmatchi hisobida 6,5 ochkodan mavjud.
Bugun musobaqada yana to‘rtta tur o‘yinlari o‘tkazilib, 13-tur uchrashuvlaridan so‘ng rapid bahslari yakunlanadi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi musobaqada ham o‘zbekistonlik grossmeysterlar munosib natijalar qayd etmoqda.
O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Afruza Hamdamova kun davomida 2 ta g‘alaba va 2 ta durang qayd etib, 6 ochko bilan 8-turdan so‘ng umumiy jadvalda 12-o‘rinni egallab turibdi.
Gulruhbegim Tohirjonova esa 3 ta g‘alaba va bir durang evaziga 5,5 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 18-pog‘onada bormoqda. Bugun musobaqaning so‘nggi 3 ta tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 14 nafar shaxmatchi bilan ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston shaxmatchilari so‘nggi yillarda jahon miqyosida yuqori natijalar qayd etib kelmoqda. Xususan, Nodirbek Abdusattorov 2021-yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan musobaqada rapid yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni bo‘lgan.
Shuningdek, Javohir Sindorov joriy yilda Hindistonning Goa shahrida o‘tkazilgan Jahon kubogi turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yo‘llanma oldi.
2025-yilgi rapid va blits Jahon chempionatida Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Arjun Erigaisi, Maksim Vashye-Lagrav, Daniil Dubov hamda amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommaraju ham ishtirok etmoqda.








