Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng yirik onlayn shaxmat turnirlaridan biri 2026-yilgi kibersport bo‘yicha Jahon chempionatida pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Musobaqada NAVI (Natus Vincere) jamoasi nomidan ishtirok etayotgan O‘zbekistonning ikkinchi raqamli grossmeysteri guruh bosqichida muvaffaqiyatga erishdi. U ilk bosqichda hindistonlik Praneshga qarshi bahsda 2:0 g‘alaba qozondi. Yarimfinalda esa Abdusattorov polshalik Yan Kshishtof Dudaga qarshi dona surdi. U ikki partiyada ham qiyinchiliksiz g‘alabaga erishdi. Natijada, o‘zbekistonlik grossmeyster Alireza Firuzja, Magnus Karlsen va Hikaru Nakamura bilan birgalikda pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endilikda mag‘lublar yo‘lagidan yana 4 nafar shaxmatchi chorak final uchun bahs olib boradi.
Shaxmatchilar “10+0” ya’ni rapid formatida bahslashadi. Ikkita raqibdan mag‘lubiyatga uchragan ishtirokchi chempionlik uchun kurashni tark etadi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 1,5 million AQSH dollarini tashkil etadi va g‘olib 250 ming dollarni qo‘lga kiritadi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilgi Esports World Cup kibersport turnirida NAVI jamoasi safida ishtirok etgan Nodirbek Abdusattorov 5-o‘rinni egallab, 85 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritgan edi. Ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan Team Vitality vakili Javohir Sindorov esa 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlangan. U joriy yilgi musobaqada ishtirok etmadi.








