Qatarning Doha shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million yevrodan ortiqni tashkil etadi.
Musobaqaning to‘rtinchi kuni doirasida blits bahslariga start berildi va 11 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ushbu bahslarda yaxshi natija qayd etib, 13 ta partiyadan 8 tasida g‘alaba qozondi, 2 ta uchrashuvda durang o‘ynadi va 3 ta partiyada mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, 13 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘argan Abdusattorov turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda.
2025-yilgi Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov esa kun davomida 5 ta g‘alaba, 7 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, 8,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 25-o‘rinni egallab turibdi.
12-turda ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov o‘rtasidagi bahs durang natija bilan yakunlandi.
13-turdan so‘ng 10 ochkoga ega hindistonlik Arjun Erigaisi, fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav hamda AQSH vakili Fabiano Karuana peshqadamlik qilmoqda. Bugun musobaqa doirasidagi so‘nggi 6 ta tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi musobaqada ham o‘zbekistonlik shaxmatchilar munosib natijalar qayd etmoqda.
O‘zbekistonning uchinchi raqamli shaxmatchisi Umida Omonova kun davomida 8 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat qayd etib, 8 ochko bilan 10-turdan so‘ng umumiy jadvalda 3-o‘rinni egallab turibdi. U blits bahslari davomida jahonning yetakchi grossmeysterlari — hindistonlik Hampi Koneru, FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan Katerina Lagno hamda AQSH vakilasi Yip Karissani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Gulruhbegim Tohirjonova esa 5 ta g‘alaba, 2 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat evaziga 6 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 37-pog‘onada bormoqda. Bugun musobaqaning so‘nggi 5 ta tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.








