Daryo

Freestyle Chess: Nodirbek Abdusattorov Jahon chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Magnus Karlsen — chempion

Javohir Sindorov esa 7-o‘rin uchun kechgan bahsda amerikalik Levon Aronyanga mag‘lub bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish12 803 ko‘rishlar0 izoh11

Germaniyaning Vayzenxaus kurortida shaxmat bo‘yicha nufuzli Freestyle Chess Jahon chempionatining so‘nggi kun bellashuvlari o‘tkazildi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rinni egalladi, Javohir Sindorov esa 7-o‘rin uchun bahsda Levon Aronyanga mag‘lub bo‘ldi.

3-o‘rin uchun bahs: Abdusattorov va Keymer qarama-qarshiligi

Yarim finalda Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergan Nodirbek Abdusattorov 3-o‘rin uchun germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi bahs olib bordi va 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, turnirni 3-o‘rinda yakunladi va 40 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘ga kiritdi.

Foto: Freestyle Chess

Chempionlik uchun hal qiluvchi bahsda Magnus Karlsen va Fabiano Karuana o‘zaro to‘qnash keldi va unda dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi 2,5:0,5 hisobida g‘alabaga erishdi. Karlsen shu tariqa faoliyatida 21-marta turli yo‘nalishlardagi Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Foto: Freestyle Chess

Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, kuchli to‘rtlikdan joy olgan Nodirbek Abdusattorov yarim finalda dunyoning birinchi raqamli grossmeysteri Magnus Karlsen bilan to‘qnash keldi. To‘rtta partiyadan iborat bahsda norvegiyalik sportchi 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqqan edi.

Ikkinchi yarim final uchrashuvida amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana mezbonlar vakili Vinsent Keymerga qarshi bahs olib borib, to‘rtta partiya yakuniga ko‘ra Karuana 2,5:1,5 hisobida ustun kelib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.

Shu tariqa, chempionlik uchun hal qiluvchi bahsda Magnus Karlsen va Fabiano Karuana o‘zaro to‘qnash keladi.

7-o‘rin uchun bahs: Sindorov Levon Aronyanga qarshi

Javohir Sindorov musobaqani 7-o‘rinda yakunlash uchun amerikalik Levon Aronyanga qarshi dona surdi. Ikkita partiyadan so‘ng, Aronyan va Sindorov bittadan g‘alaba qayd etdi. Armagedon (shaxmatdagi penaltilar seriyasi) bahsida esa amerikalik grossmeyster g‘alaba qozondi va fristayl shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida 7-o‘rinni egalladi. Sindorov esa turnrirni 8-o‘rinda yakunladi va 10 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ldi.

2026-yilda shaxmat olamida yangi sahifa ochildi. FIDE Freestyle (Fisher shaxmati) yo‘nalishi bo‘yicha ilk rasmiy Jahon chempionati o‘tkazildi. Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) va Freestyle Chess Operations tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Turnir 2019 va 2022-yillarda o‘tkazilgan FIDE Chess960 Jahon chempionatlari formatining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Musobaqada 8 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.

Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollarini tashkil etadi. FIDE Freestyle Chess Jahon chempioni Magnus Karlsen esa 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar