Daryo

Germaniyada 1000 dan ortiq shubhali dron parvozlari qayd etildi

Mazkur ko‘rsatkich 1 yil davomida qayd etilgan bo‘lib, rasmiylar buning ortida faqatgina Rossiya turmaganini da’vo qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish6 042 ko‘rishlar0 izoh2
Maqolani tinglang
0:00
1:42

Germaniya Federal jinoiy politsiya boshqarmasi rahbari Xolger Myunx 2025-yilda mamlakat osmonida 1000 dan ortiq shubhali dron parvozlari ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Boshqarma rahbari dronlarning tez-tez ko‘rinish berishini jiddiy xavf-xatarli vaziyat deb atadi. Germaniya kansleri Fridrix Mers oktyabr oyida mamlakat hududi ustidagi ko‘plab dron parvozlari ortida Rossiya turganiga ishonishini bildirgan edi.

Xolger Myunx barcha shubhali dronlar Rossiya tomonidan boshqarilayotganini “100 foiz ishonch” bilan aytib bo‘lmasligini, biroq ularning ortida Germaniyada beqarorlik va noaniqlik urug‘ini sochishni ko‘zlagan qaysidir davlat subyekti turganini taxmin qilmoqda.

Aeroportlar va harbiy bazalar nishonda

Shubhali dronlar 2025-yilda Germaniya aeroportlari faoliyatiga jiddiy zarar yetkazgan. Jumladan, Myunxen aeroporti 3-oktyabr kuni mashhur Oktoberfest festivali paytida dronlar sababli barcha parvozlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Berlin Brandenburg aeroporti esa noyabr oyida noma’lum dronlar aniqlangani sababli o‘z faoliyatini qariyb ikki soatga to‘xtatgan edi.

Shuningdek, uchuvchisiz apparatlar tez-tez harbiy obyektlar ustida ham ko‘rinish bermoqda. Der Spiegel nashrining yozishicha, 13-oktyabr kuni Rostok shahri yaqinidagi Gnoyen bazasida to‘rtta dron qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda ushbu bazada ukrainalik askarlar mashg‘ulot o‘tayotgan bo‘lgan.

Germaniyaning yangi anti-dron strategiyasi

Germaniya rasmiylari bunday tahdidlarga qarshi samaraliroq kurashish choralarini ko‘rmoqda. Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt 17-dekabr kuni Berlinda Dronlarga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma markazni ochgan. Tuzilma sutka davomida to‘xtovsiz ishlab, federal va shtat darajasidagi texnik tajribani birlashtiradi. Shuningdek, markaz orqali vaziyatni birgalikda baholash va muvofiqlashtirilgan harakatlar ta’minlanadi.

Bundan tashqari, Dobrindt aeroportlar va strategik obyektlarga yordam beruvchi maxsus dron mudofaasi bo‘linmasini tashkil etishga ko‘rsatma berdi. Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) esa dronlar to‘dasiga qarshi kurashishda samarali bo‘lgan maxsus zenit tanklariga buyurtma berdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar