Polsha yaqin oylarda o‘zining milliy dronlarga qarshi mudofaa tizimini qurishni boshlaydi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Sezari Tomchikga tayanib, Bloomberga xabar berdi.
Loyiha Yevropa Ittifoqining dron devori tashabbusini kutmasdan amalga oshiriladi. Noyabr oyida hukumat dushman dronlarini aniqlash, to‘sish va yo‘q qilish texnologiyalariga sarmoya kiritishni e’lon qiladi. Investitsiya hajmi hozircha ochiqlanmayapti, ammo shartnomalarning kamida yarmi mahalliy kompaniyalarga berilishi rejalashtirilgan.
Sentyabr oyida NATO Polsha hududiga kirgan 20 ta dronni urib tushirish uchun harbiy samolyotlarini ishga solgan edi. Bu holat mamlakatning havo mudofaasidagi bo‘shliqlarni ko‘rsatib bergan — arzon dronlarga qarshi qimmat raketalar qo‘llanilgan.
“Biz Yevropa Ittifoqining umumiy havo mudofaasini mustahkamlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin avvalo o‘z milliy loyihamizni amalga oshiramiz”, degan Tomchik.
Uning aytishicha, kelajakda Polsha milliy mudofaa tizimi YIning dron devori loyihasi bilan to‘ldirilishi mumkin. Iyul oyida Mudofaa vazirligi jangovar va o‘quv dronlarini xarid qilish uchun 200 million zloty (taxminan 54 million dollar) ajratgan edi.
Polsha o‘z milliy loyihasi uchun Yevropa Ittifoqining yangi SAFE mudofaa kredit dasturidan foydalanmoqchi. Rossiya, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan mamlakat bu dastur doirasida 43,7 milliard yevrogacha mablag‘ olishni rejalashtirmoqda. Hukumat yangi tizimning ilk qismi e’lon qilingandan uch oy o‘tib ishga tushishini, butun loyiha esa ikki yil ichida yakunlanishini ochilagan.
“Rossiya va Ukraina dronlardan qanday foydalanayotganini ko‘rib, biz bu sohada o‘z imkoniyatlarimizni har yo‘nalishda — havoda, quruqlikda va dengizda — kuchaytirishimiz shart”, degan Tomchik.








