Germaniya va Ukraina birgalikda 100 kilometrdan 1500 kilometrgacha ucha oladigan dronlar ishlab chiqaradi. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Kiyevda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Mixail Fedorov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Boris Pistoriusning ta’kidlashicha, Germaniya uchuvchisiz tizimlarni rivojlantirishda davom etadi. Ayniqsa, uzoq masofaga uchuvchi dronlar juda muhim hisoblanadi. Bunday qurilmalar dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishdan chiqarishga qodir. Mazkur loyihalar NATO bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Pistorius barcha turdagi dronlarni birgalikda yaratishga e’tibor qaratishini aytdi.
“Bu bilan biz har ikki davlat xavfsizligini mustahkamlaymiz”, dedi u.
Shuningdek, Germaniya ukrainalik harbiylarni o‘qitishni davom ettiradi. Hozirgacha 27 mingga yaqin askar Germaniyada tayyorgarlikdan o‘tgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar hatto urush to‘xtaganidan keyin ham to‘xtatilmaydi.
Germaniya Ukrainaning Brave1 platformasiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Brave Germany loyihasi doirasida ikki davlat zamonaviy qurol-yarog‘lar yaratishda hamkorlik qiladi. Bunga sun’iy intellektga ega tizimlar va uzoq masofali zarba berish vositalari kiradi.
Germaniya Ukrainadagi o‘quv markazlarini moliyalashtiradi
Germaniya Ukrainada harbiy o‘quv markazlarini tashkil etish uchun 10 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratadi. Bu Yevropa Ittifoqi tashabbusi hisoblanadi. Mablag‘lar zarur infratuzilmani yaratish va ta’lim muassasalarini tashkil etishga sarflanadi.
Ushbu markazlar Ukraina armiyasining jangovar tayyorgarligini yuqori darajada saqlashga xizmat qiladi. Pistorius bu choralarni kelajakda “Rossiyani tiyib turish omillaridan biri” deb atadi.
Bundan tashqari, Germaniya hukumati yana bir loyihani ko‘rib chiqmoqda. Unga ko‘ra, 2028-yildan boshlab Germaniyada AQSH bilan hamkorlikda Tomahawk qanotli raketalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
20 ta davlat Ukraina dronlaridan manfaatdor
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 11-may kuni dronlar savdosi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 20 ta davlat Ukraina bilan bu borada hamkorlik qilish istagida.
“20 ga yaqin davlat turli bosqichlarda ushbu jarayonga jalb qilingan. To‘rtta bitim imzolandi va hozirda ushbu hujjatlar asosida dastlabki shartnomalar tayyorlanmoqda”, deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.








