Germaniya Ukraina uchun 50 mingta zarbdor FPV dron xaridini moliyalashtiradi. Reuters agentligining xabariga ko‘ra, bu G‘arb davlatlari tomonidan Kiyev uchun amalga oshirilayotgan eng yirik dron buyurtmalaridan biri hisoblanadi.
Agentlik manbasiga ko‘ra, buyurtma Ukrainaning SkyFall kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan FPV dronlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu dronlar AQSHning Auterion kompaniyasi dasturiy ta’minoti bilan jihozlangan bo‘lib, harakatlanayotgan nishonlarni avtonom tarzda kuzatish va zarba berish imkoniyatiga ega.
Auterion bosh direktori Lorens Mayer Reuters’ga bergan intervyusida shartnoma qiymati qariyb 90 million yevroni tashkil etishini tasdiqladi. Uning aytishicha, dronlarning bir qismi allaqachon Ukrainaga yetkazilgan, qolganlari esa joriy yil oxirigacha topshiriladi.
Ukrainaning SkyFall kompaniyasi Germaniyaning ushbu bitimdagi ishtirokini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni oshkor qilmadi. Germaniya va Ukraina Mudofaa vazirliklari esa Reuters so‘roviga izoh berishdan bosh tortgan.
Mart oyida Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasi Ukraina ishlab chiqaruvchisi WIY Drones’ga sarmoya kiritish doirasida Ukraina uchun 15 mingta STRILA tutib qoluvchi dron ishlab chiqarilishini moliyalashtirishini ma’lum qilgan edi. Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi ushbu dronlar Ukraina hududida Qurolli kuchlarning shoshilinch ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlab chiqarilishini bildirgan.
7-iyul kuni Ukraina Bosh prokuraturasi xavfsizlik va mudofaa sohasi uchun qariyb 7 milliard grivna (taxminan 157 million dollar)lik dron xaridlari bilan bog‘liq byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani ehtimoli yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan edi.
Kreml esa avval ham Ukrainaga har qanday harbiy yordam ko‘rsatilishini qoralab, bunday yordam mojaroni faqat cho‘zishi, biroq uning yakuniy natijasini o‘zgartirmasligini ta’kidlab kelmoqda. Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga “butun G‘arb” yordam berayotganini, biroq G‘arb davlatlari Rossiya javob zarbasidan xavotirlanib, o‘z hududidan hujum uyushtirishga tayyor emasligini aytgan edi.








