Germaniya armiyasi dron tahdidlariga qarshi kurashish uchun maxsus tezkor harbiy guruhlar tashkil etmoqda. Bu haqda mamlakat Qurolli kuchlarining qo‘shma operatsiyalar qo‘mondonligi rahbari, general-leytenant Aleksandr Zolfrank Reuters’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “anti-dron” bo‘linmalar ayni paytda shakllantirilmoqda va ular Belgiyaning rasmiy so‘roviga javoban mamlakatga mudofaa maqsadlarida yuboriladi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham 6-noyabr kuni bayonot e’lon qilib, Belgiya harbiylariga dronlarni aniqlash va zararsizlantirish bo‘yicha ekspertlar jo‘natilganini tasdiqlagandi.
“Havo kuchlarining dastlabki guruhi Belgiya hududiga yetib bordi. Ular vaziyatni o‘rganadi va Belgiya kuchlari bilan vaqtinchalik missiyani muvofiqlashtiradi. Asosiy guruh esa tez orada yetib boradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
So‘nggi haftalarda Belgiyada harbiy bazalar va aeroportlar ustida noma’lum dronlar ko‘rinishi muntazam holga aylangan. Bunday hodisalar butun Yevropa bo‘ylan qayd etilmoqda — ayrim hollarda aeroportlar vaqtincha yopilmoqda. Masalan, 6-noyabr kuni Shvetsiyada parvozlar to‘xtatilgan.
Ba’zi Yevropa rasmiylari bu voqealarni Rossiyaning “gibrid urushi” bilan bog‘lamoqda. Moskva esa bunga aloqasi yo‘qligini aytadi. Zolfrankning so‘zlariga ko‘ra, yangi bo‘linmalar dronlarni aniqlash va zararsizlantirish uchun turli texnologiyalar bilan jihozlanadi.
“Biz dronlarni masofadan boshqarib, ularni xavfsiz joyga qo‘ndirish imkoniga egamiz”, degan u.
Mutaxassislar dronlarni to‘r yordamida ushlab olish yoki ularni yo‘q qilishga mo‘ljallangan boshqa dronlardan ham foydalanadi. 7-noyabr kuni Belgiya sharqidagi Lyej aeroporti dron qayd etilgani sababli vaqtincha yopilgan, bu shu hafta ichidagi ikkinchi holatdir. Bryussel va Lyej aeroportlarida 4-noyabr kuni ham dronlar sababli bir nechta reyslar bekor qilingan edi.
Belgiya hukumati 6-noyabr kuni mudofaa vaziri, xavfsizlik xizmati rahbarlari va asosiy vazirlar ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, holatni “muvofiqlashtirilgan hujum” sifatida baholagan.








