Oltin. Bu Oʻzbekistonning eng asosiy eksport mahsuloti hamda milliardlab dollar daromad keltiruvchi noyob metall. Soʻnggi bir yilda uning narxi 50 foizdan koʻproqqa oshib, 4000 dollarlik marrani zabt etdi. Natijada mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari ham oʻsib, tarixda ilk bor 60 milliard dollardan ortdi. Bu 2025-yil boshiga nisbatan 20 milliard dollarga koʻpdir. Boshqacha aytganda, tashqi omillar sabab Oʻzbekiston hech qanday xarajat qilmay, 44 ta Airbus A380 samolyotini sotib olishga yetadigan yoki Qirgʻiziston yalpi ichki mahsulotiga teng boʻlgan qoʻshimcha daromadni qoʻlga kiritdi.
Oʻzbekiston toʻqqiz oyda rekord darajada 9,9 mlrd dollarlik oltin sotdi. Shunday qilib, bu soʻnggi yillarda yoʻl qoʻyilgan iqtisodiy xato va kamchiliklar oqibatlarini “yuvib tashlash”, samarasiz loyihalardan kelgan zararni bartaraf etish uchun yordam beradi. Qolaversa, mahalliy iqtisodni davlat xarajatlari mexanizmi orqali qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ammo masalaning koʻp ham eʼtibor berilmayotgan xatarli tomoni bor. Bu oltin bilan bogʻliq. Yaʼni davlat tabiiy resurslar sotishdan kelgan daromadga oʻrganib, oʻzining asl boyligi hisoblangan inson kapitaliga eʼtiborni susaytirishi, kichik va oʻrta biznesni oʻz holiga tashlab qoʻyishi mumkin. Qolaversa, vaqt oʻtishi bilan oltin narxi keskin qulamasligiga hech qanday kafolat yoʻq. Bu esa mamlakat iqtisodi uchun ogʻriqli zarba boʻladi.
Oltin narxi nega oshdi
Donald Tramp oʻzining bashorat qilib boʻlmas qarorlari bilan mashhur. U prezidentlikning ikkinchi muddatiga kirishganidan soʻng Oq uyning siyosiy yoʻnalishini oʻzgartirib yubordi. AQSH prezidenti tomonidan joriy etilgan boj tariflari, Xitoy bilan savdo urushi hamda Yaqin Sharqdagi voqealar globalizmga jiddiy zarba berib, dollarning mavqeini tushirdi. Bunga dunyoning turli qismlarida davom etayotgan qurolli mojarolar ham oʻz hissasini qoʻshdi.
Natijada yirik sarmoyadorlar, shuningdek qudratli davlatlarning markaziy banklari oʻz aktivlarini saqlash uchun xavfsiz vosita izlay boshladi. Bu rolga tabiiyki ming yilliklar sinovidan oʻtgan oltin mos keladi. Oʻzbekiston mana shu bozorning yirik oʻyinchilaridan biri. Ketma-ket bir necha yildan buyon biz eng koʻp oltin sotgan davlatlardan biri boʻlib kelyapmiz. 2025-yilning 9 oyi holatiga koʻra, raqamlar qariyb 10 milliard dollarni tashkil etadi. Bu esa umumiy eksportimizning uchdan biri degani. Xoʻsh, oltin mamlakat iqtisodi uchun nimani anglatadi? Birgina mahsulotga bu qadar bogʻlanib qolishning qanday xatarlari bor?
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiyot fanlari doktori:
Oltin narxining oshishi, umuman olganda, Oʻzbekiston uchun juda katta imkoniyat. Yaxshiyamki, shu oltin bor ekan, biz tashqi savdodagi defitsitni qoplashga va buning ortidan byudjet defitsitini qoplashga oltin sotuvidan kelib tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish evaziga erishyapmiz. Va bu joriy toʻlov balansida ham juda katta pozitiv rol oʻynayapti. 2023-yilda joriy toʻlov balansida defitsit juda ham katta boʻlgan, 7,8 milliard dollargacha chiqib ketgan. Bugungi kunda bu joriy toʻlov balansida defitsit deyarli yoʻq. Endi bu joriy toʻlov balansining pozitiv boʻlishiga, ikkinchi hisobdan, bizning vatandoshlarimizdan yuborilayotgan pullar ham juda katta xizmat qilyapti. Toʻqqiz oyda 14 milliard dollardan ortiq pul vatandoshlarimizdan Oʻzbekistonga kelgan.
Lekin umuman olganda, bizning eksportimiz koʻproq oltinga tayanib qolyapti. Yaʼni tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki xizmatlar eksportiga emas. Ikkinchisi, oltin sotishdan tushgan mablagʻlarni byudjet xarajatlarimizni qoplashga qaratilishi ham juda katta rol oʻynab boryapti. Va uchinchisi, eng yomoni, oltinni sotishdan kelib tushadigan dollarlar mamlakatdagi soʻm massasiga qarshi turib, dollar kursi borgan sari oʻzbek soʻmiga nisbatan tushib boryapti. Bu almashuv kursiga bevosita taʼsir koʻrsatib, eksport imkoniyatlarini juda ham keskin yomonlashtiradi. Chunki eksportyorlar sotgan mahsulotiga soʻm miqdorida borgan sari kamroq mablagʻ oladilar. Ikkinchi hisobdan, importyorlar uchun bu juda ham yaxshi. Chunki ular, arzonroqqa import olib kira oladilar. Yaʼni oʻzbek soʻmining kuchayishi import oqimining ortishiga olib keladi.
Biroz oldin taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston oltin bozorining eng yirik oʻyinchilaridan biri. Mamlakat 2016-yili 86 tonna oltin qazib chiqargan boʻlsa, 2025-yil yakunlari boʻyicha bu koʻrsatkich 118 tonnaga yetishi kutilmoqda. Ushbu qimmatbaho metall narxi 4300 va 3900 dollar oraligʻida oʻynayotganini inobatga olsak, 4000 dollarni oʻrtacha narx sifatda qabul qilish mumkin. Agar 118 tonna oltinni shu narxda hisoblasak, gap 15 milliard dollar haqida ketayotgani maʼlum boʻladi. Ammo bu pullarning barchasi ham byudjetga kelib tushmaydi. Bir qismi tannarxga ketadi, yana bir qismi esa dividendlar uchun ishlatiladi. Qolaversa, yana qanchadir miqdorda oltin zaxiraga olinadi.
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiyot fanlari doktori:
Oltin sotishdan tushgan mablagʻlar byudjet xarajatlarini qoplashga qaratiladi. Bu qisman tashqi qarzni yopishga ham qaratilgan boʻladi. Chunki bugungi kunda, agar umumiy tashqi qarz miqdori, aytaylik, 72,2 milliard dollar boʻlsa, shundan davlat qarzi 40 milliardga yaqinini tashkil qiladi. Agar davlat qarzining narxi, aytaylik, 3 foiz deganimizda ham, demak yiliga taxminan 1,2 milliard foizlarni yopish uchun ketadi. Bu foizining oʻzi. Endi tanasini ham olamiz. Agar bu qarzlar oʻrtacha 10 yillik deb bilsak, bir yilda 40 milliarddan 4 milliardini qaytarishimiz kerak boʻladi. Demak, foizining oʻziga 1,2 milliard, tanasiga, aytaylik, 4 milliard, umuman olganda 5,2 milliard xarajat bor. Balki bundan kamroqdir, men taxminan aytyapman.

Jahon bozorida oltin narxining oshishi bilan Oʻzbekiston davlat byudjetiga dividendlar, resurs soliqlari, foyda soligʻi va boshqa turdagi tushumlar sezilarli darajada ortgan. Raqamlar tilida aytganda, yakunlanayotgan yilda umumiy qozonimizga soliqlardan tashqari 81,6 trln soʻmlik tushum boʻlishi kutilmoqda. Bu oʻtgan yildagiga nisbatan 22,7 trln soʻmga yoki 38,6 foizga koʻp demakdir.
Bu mavzu haqida gapirar ekanmiz, Jek va Loviya poyasi filmidagi oltin tuxum qoʻyuvchi gʻoz esga tushadi. Oʻzbekiston misolida esa, bu Navoiy kon-metallurgiya kombinatidir. Dunyoning eng yirik ikkita oltin konidan biriga egalik qiladigan aksiyadorlik jamiyati, tom maʼnoda, Yaratganning neʼmati hisoblanadi. 2026-yilgi prognozlarga koʻra, kombinatning byudjetdagi ulushi 20,2 foizga yetib, qariyb 75 trln soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Bu allaqachon xarajatlarda aks eta boshlagan. Markaziy bank xabariga koʻra, davlat 2025-yilning toʻqqiz oyi davomida butun yilga moʻljallangan xarajatlar rejasini 90,4 foizga bajargan. Holbuki, oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 78,1 foizini tashkil qilgan edi. Bundan kelib chiqadiki, hukumat iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish uchun koʻproq pul sarflay boshlagan.
Lekin bu masalaning ham oʻziga xos tomoni bor. Oltinning beqaror narxlari makroiqtisodiy xavflarni keltirib chiqaradi. Yaʼni davlat hozir katta xarajatlarga oʻrganib qolsa va keyinchalik narxlar qulasa, hukumat oʻz majburiyatlarini bajarish uchun qator yoʻnalishlarning choʻntagini boʻsh qoldirishga majbur boʻladi. Qolaversa, iqtisodiyotga katta miqdordagi pulning birdaniga oqib kirishi inflyatsiyani kuchaytiradi.
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiyot fanlari doktori:
Oltin mamlakatga yuqori daromad olib kelishi, qator iqtisodiy tebranishlardan ishonchli muhofaza qilishi mumkin. Ammo xomashyo sotishga bogʻlanib qolgan iqtisod qudratli boʻlmaydi. Qolaversa, oltin iqtisodiy qiymat yaratish, ish oʻrinlari tashkil etishda kichik va oʻrta biznes bilan raqobatlasha olmaydi. Shu bois yer osti boyliklari asosiy daromad manbai emas, balki yordamchi vosita sifatida koʻrish kerak. Yaʼni undan inson kapitalini rivojlantirish uchun sarmoya sifatida foydalanish lozim.Albatta, bu hisoblar davlat byudjetini hisoblashda birinchi navbatdagi ahamiyatga ega. Oltinning narxi qanday boʻlishi, inflyatsiya, yalpi ichki mahsulot hajmi, yaʼni makroiqtisodiy koʻrsatkichlar birinchi navbatda inobatga olinadi. Ayniqsa, sanoatning oʻsishi, qishloq xoʻjaligining oʻsishi, isteʼmol mollarining narxlarining oʻsishi, sanoat mollari narxlarining oʻsishi, yalpi ichki mahsulot deflyatsiya darajasi va hokazolar. Bu kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlar birinchi navbatda inobatga olinadi. Byudjetni ishlab chiqishda oltinning konsensus narxi belgilanib, xarajatlar oʻsha narxdan kelib chiqib belgilanadi.
Lekin oltinning qisqa muddatdagi narxini bilish mumkin, chunki oltin fyucherslarda sotiladi. Bu fyucherslar narxlari biz uchun eng katta moʻljaldir. Oltin narxi keskin tushib ketishi uchun qandaydir makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻlishi kerak. Lekin bu koʻrsatkichlar bugungi kunda yoʻq. Nimaga? Chunki yirik mamlakatlar oltin zaxiralarini koʻpaytiryapti.
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiyot fanlari doktori:
Toʻgʻrisini aytsam, baʼzi iqtisodchilardan asossiz fikrlarni eshitdim. Importga bogʻliq iqtisodni ham yaratsa boʻladi. Kapitalizmga marhamat! Xizmatlarga tayangan iqtisodni ham yaratsa boʻladi va hokazo. Bu klassik iqtisodiyotning asoslarini tushunmaslikdan deb oʻylayman. Gap shundaki, boya aytganimdek, hech bir mamlakat faqatgina xizmatlar bilan yoki faqatgina oltin bilan yashab ketolmaydi. Mamlakatga turli tovar va xizmatlar massalari kerak. Lekin ular ichida tovar massalari koʻproq boʻlishi lozim. Biz bugungi kunda oltin eksportiga tayanib, xarajatlarni ham keskin oshirib, unga bogʻlanib qolsak, bu iqtisodimizning borgan sari yemirilishiga, ayniqsa mahalliy iqtisodiyotning yemirilishiga olib keladi. Shuningdek, oltin eksportiga qaramligimiz borgan sari ortib boradi va ortib boryapti ham. Agar biz bugungi kunda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi boshlagan ishni davom ettirmasak, yaʼni byudjet xarajatlari va tashqi qarz hajmlarini keskin kamaytirmasak, bizning juda ham iqtisodiy ahvolimiz yomonlashib qoladi. Chunki tashqi qarz ... Aytdim, uning risklarini. Oltin narxi esa doim ham bizni qutqarib qolmaydi. Ichki bozorda raqobatbardoshlik kamayib boradi. Bular yaxshi tendensiyalar emas.
2025-yilning 1-dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 61,2 mlrd dollarga yetgan. Biroq valyuta zaxiralari 1,1 mlrd dollarga qisqarib, 9,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bunga sabablardan biri Markaziy bank 503,3 mln dollarga qimmatli qogʻozlar sotib olgan. Yaʼni faqat oltin narxiga bogʻlanib qolmaslik uchun aktivlarni diversifikatsiya qilish boshlangan.
Humoyun Tojiddinov tayyorladi.








