Jahon markaziy banklari 2026-yil boshidan beri 130 tonna atrofida oltin xarid qildi. O‘zbekistonning xaridlari 40 tonnani tashkil etdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi hisobotida ma’lum qilindi.
Polsha Markaziy banki oltin xaridlari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Mamlakat iyul oyida zaxiralarini 8 tonnaga, yil boshidan beri jami 90 tonnaga oshirdi. Shu tariqa Polsha jahon markaziy banklari orasida eng yirik oltin xaridoriga aylandi.
Keyingi o‘rinni Xitoy egalladi. Mamlakat iyul oyida 20 tonna, yil boshidan beri 60 tonna oltin xarid qildi. Hozirda Xitoyning rasmiy oltin zaxirasi 2 366 tonnaga yetgan.
O‘zbekiston iyul oyida 1 tonna oltin sotganiga qaramay, yil boshidan beri 40 tonna xaridni amalga oshirdi va bu borada jahon markaziy banklari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Chexiya Milliy banki iyul oyida 2 tonna, yil boshidan beri esa 12 tonna oltin xarid qildi. Natijada mamlakatning umumiy zaxirasi 6 foizga oshib, 84 tonnaga yetdi.
Qozog‘iston, Malayziya va Boliviya markaziy banklari iyul oyida 1 tonnadan oltin xarid qildi. Qozog‘iston yil boshidan beri 29 tonna oltin jamg‘arib, dunyodagi eng yirik beshta oltin xaridoridan biriga aylandi. Malayziya va Boliviya esa oltin bozoriga yangi kirib kelgan mamlakatlar bo‘lib, ularning yil boshidan beri xaridlari mos ravishda 6 va 2 tonnani tashkil etdi.
Rossiya yil boshidan beri jami 50 tonna, iyul oyida esa 6 tonna oltin sotdi. Natijada mamlakatning umumiy oltin zaxirasi 2 277 tonnaga tushdi. Turkiya Markaziy banki esa iyul oyida 1 tonna oltin sotdi va yil boshidan beri sotilgan oltin hajmini 85 tonnaga yetkazdi.
Oʻzbekistonda ikkita yirik korxona — Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari oltin qazib oladi. Markaziy bank ushbu muassasalardan oltinni sotib oluvchi yagona xaridor va eksklyuziv huquq egasi hisoblanadi.
2026-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, mamlakat zaxirasida 14,1 million unsiya (438,56 tonna) oltin saqlanmoqda. Buning umumiy qiymati 64,9 milliard dollarga baholangan. Zaxiradagi oltin hajmi 2026-yil 1-yanvarda 12,6 million unsiya (391,9 tonna) edi. Sakkiz oy davomida qimmatbaho metall hajmi 46,66 tonnaga koʻpaygan.








