Joriy yil yanvar–avgust oylarida Oʻzbekiston jami 22,98 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar eksport qildi.
Statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, mazkur qiymatning 8,42 mlrd dollari (36,7 foizi) oltin sotuvi hissasiga toʻgʻri keladi. Bu — mamlakat tarixida qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Yaʼni oʻtgan davrlarda hatto yillik sotuvlar ham ushbu sakkiz oylik qiymatga yetmagan.
Taqqoslash uchun, 2024-yil yanvar–avgust oylarida oltin eksporti 4,98 mlrd dollarni tashkil etgandi.
Oʻzbekiston 2023-yilda avvalgi yillardagidan keskin yuqori qiymatda, 8,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilgandi. Masalan, 2021 va 2022-yillardagi oltin sotuvlari qiymati 4,1 mlrd dollardan (har bir yilga) toʻgʻri kelgan.
Respublika 2018-yilda 2,9 mlrd, 2019-yilda 4,9 mlrd, 2020-yilda 5,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksport qilgan.
Joriy yil 1-sentyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati birinchi marta 50,1 mlrd dollarga yetdi. Shundan 40 mlrd dollardan ortigʻi oltin hissasiga toʻgʻri kelgan. Mamlakat zaxirasida 11,8 mln unsiya (334,5 tonna) oltin borligi qayd etilgan.








