Markaziy banklar avgust oyida jahon oltin zaxiralariga jami 15 tonna sof qo‘shdi, jumladan, Oʻzbekiston 2 tonna oldin xarid qildi. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va markaziy banklar ma’lumotiga tayanib, Jahon oltin kengashi xabar berdi.
Avgust oyida yetti markaziy bank oltin zaxiralarini (1 tonna va undan ortiqqa) oshirgan bo‘lsa, faqat ikki bank oltin zaxiralarini kamaytirgan.
Qozog‘iston Markaziy banki 8 tonna oltin xarid qildi. Shu tariqa zaxiralar 316 tonnaga yetdi (2024-yil oxiriga nisbatan 32 tonnaga koʻp).
Bolgariya Milliy bankining oltin zaxiralari 2 tonnaga oshdi, bu 1997-yil iyun oyidan beri (8 tonna) eng katta oylik o‘sish bo‘lib, zaxiralar 43 tonnaga yetdi.
Turkiya Markaziy banki ham rasmiy oltin zaxiralariga 2 tonna qo‘shdi. Shu tariqa rasmiy zaxiralar 21 tonnaga oshib, 639 tonnaga yetdi.
Xitoy Xalq banki 2 tonna oltin xarid qildi. Bu ketma-ket o‘ninchi oy davomida oltin zaxiralarining oshganini bildiradi. Jami oltin zaxiralari 2 300 tonnadan oshgan bo‘lsa-da, bu hali ham umumiy xalqaro zaxiralarning 7 foizini tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki ham oy davomida zaxiralariga 2 tonna oltin qo‘shdi. Oltinning umumiy zaxiralari 366 tonnani tashkil etdi, bu 2024-yil oxiriga nisbatan 17 tonna kamdir.
Chexiya Milliy banki (CNB) yana 2 tonna oltin sotib olib, barqaror jamg‘arishni davom ettirdi, umumiy oltin zaxirasini esa 65 tonnaga yetkazdi. CNB 2028-yil oxirigacha xalqaro zaxiralari tarkibida 100 tonna oltin saqlashni maqsad qilgan.
Gana banki 2 tonna oltin sotib oldi va yil boshidan buyon xaridini 5 tonnaga, oltin zaxirasini esa 36 tonnaga oshirdi.
Faqat Rossiya Markaziy banki (3 tonna) va Indoneziya banki (2 tonna) oltin sotdi. Rossiya oltin zaxiralarining kamayishi, ehtimol, uning tanga zarb qilish dasturi bilan bog‘liq.








