UEFA siyosiy kelishuvga erishilmaguncha Rossiyani xalqaro musobaqalarga, hatto o‘smirlar o‘rtasidagi turnirlarga ham qaytarish imkonsiz, degan pozitsiyada qolmoqda. Bu haqda Championat nashri xabar berdi.
Bu yondashuv Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) so‘nggi tavsiyalariga qaramay saqlanib qolmoqda. Avvalroq XOQ Rossiya va Belarus sportchilariga o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda milliy bayroqlari ostida ishtirok etishga ruxsat berishni taklif qilgan hamda xalqaro federatsiyalarni bu masalani ko‘rib chiqishga chaqirgan edi.
Shunga qaramay, UEFA 2026-yilda Rossiya terma jamoalarini 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi turnirlarga qaytarish masalasini muhokama qilgan, biroq keyinchalik bu tashabbusdan voz kechgan.
Eslatib o‘tamiz, UEFA va FIFA tomonidan Rossiya futbol ittifoqiga nisbatan sanksiyalar 2022-yilning fevral–mart oylarida joriy etilgan edi. Ma’lumot uchun, Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy yurishlari sabab sanksiyaga uchragan. Shu bois uch mavsumdan beri Rossiya Premyer Ligasi (RPL) vakillari Yevrokuboklarda ishtirok etmayapti. Valeriy Karpin boshchiligidagi milliy terma jamoa esa faqat o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazmoqda.








