Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFA’ning global futbol rivoji bo‘yicha rahbari, “Arsenal”ning sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger taklif qilgan ofsayd qoidasi bo‘yicha o‘zgarish kiritish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, UEFA bu islohotni juda radikal va jamoalar taktikasini sezilarli darajada himoyaga yo‘naltirib yuborishi mumkin bo‘lgan o‘zgarish deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, UEFA boshqa variantni taklif qilishga tayyor. Unga ko‘ra, ofsayd holati futbolchining oyoqlari yoki boshi emas, faqat tana qismi (korpus) orqali aniqlanishi mumkin. Qayd etilishicha, yakuniy qaror 2026-yilgi Jahon chempionatigacha qabul qilinmaydi. Ehtimol, ofsayd qoidasini o‘zgartirish bo‘yicha ovoz berish quyi ligalarda qo‘shimcha sinovlar o‘tkazilgach amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Venger ofsaydi” qoidasi futbolchi faqatgina butun tanasi bilan oxirgi himoyachidan oldinda bo‘lsa, ofsaydda deb hisoblanishini nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati paytida ofsayd holatini aniqlash uchun sun’iy intellekt yordamida yaratilgan 3D nusxalarini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi. Ushbu texnologiya yarim avtomatlashtirilgan ofsayd tizimiga futbolchilarning tana holatini aniqroq qayd etish imkonini beradi.








