Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida avtobus ag‘darilishidan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 7-dekabr kuni soat 08:57 da, Aqto‘be viloyati, Aytekebi tumanidan o‘tgan Respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 1028-kilometrida sodir bo‘lgan. Perm—Toshkent yo‘nalishida harakatlangan Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusi yon tomonga ariqqa ag‘darilib ketgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtobusda bo‘lgan 49 nafar yo‘lovchidan 5 nafari vafot etgan, ulardan 2 nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
“Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishchi guruh tuzgan holda, ushbu baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni vatanga olib kelish va ularning oila a’zolariga dafn marosimlarini o‘tkazishda har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, hozirda FVVning mas’ul xodimlari qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda.
30-noyabrda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 54 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus YTHga uchragandi. Rossiya Federatsiyasi – Aqto‘be – Qizilo‘rda – Olmaota respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lida Moskva – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan VanHool rusumli yo‘lovchi avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.








