Janubiy Afrika Respublikasining Sharqiy Keyp provinsiyasiga yo‘lovchi olib ketayotgan avtobus 2-iyul kuni tong saharda ag‘darilib ketdi. Hodisa oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, avtobus G‘arbiy Keyp provinsiyasining Keyptaun shahridan Sharqiy Keypdagi Idutiva shahriga ketayotgan bo‘lgan. Uning ichida jami 78 nafar yo‘lovchi bor edi.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus yo‘lda yuk yetkazib beruvchi transport bilan to‘qnashuvdan qochishga uringan. Shu payt haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi ag‘darilib ketgan”, dedi Yo‘l harakatini boshqarish korporatsiyasi rasmiy vakili Saymon Zvane.
Avvaliga halok bo‘lganlar soni 9 nafar ekani aytilgandi. Biroq voqea joyida olib borilgan qo‘shimcha tekshiruvlar natijasida qurbonlar soni 16 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Jarohatlanganlar Keyptaundan qariyb 120 kilometr uzoqlikda joylashgan Vuster shaharchasidagi shifoxonaga yetkazildi. Kamida 43 nafar yo‘lovchi esa tibbiy yordam olishdan bosh tortdi.
“Halokat sabablari Yo‘l harakatini boshqarish korporatsiyasi va Janubiy Afrika politsiya xizmati tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida aniqlanadi”, deya qo‘shimcha qildi Zvane.
Rasmiylar haydovchilarni qishki davrda (Janubiy yarimsharda iyun, iyul, avgust oylari qish fasli hisoblanadi — tahr.) yo‘llarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Chunki bu davrda quyuq tuman sababli yo‘lni ko‘rish darajasi yomonlashadi. Shuningdek, tuman, tutun va yo‘llardagi muzlamalar harakatlanishni o‘ta xavfli qilib qo‘yadi.
Avvalroq Ugandada avtobus fil bilan to‘qnashishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Hodisa oqibatida filning ahvoli qanday ekani haqida ma’lumot berilmagan. Voqea Merchison Falls milliy bog‘ida sodir bo‘lgan. Arua shahridan poytaxt Kampalaga qarab ketayotgan Toyota Hiace rusumli mikroavtobus yo‘ldan o‘tayotgan filni urib yuborgan. Shundan so‘ng haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan.








