Migratsiya agentligi Rossiyaning Amur viloyatida ag‘darilgan avtobusda o‘zbekistonliklar bo‘lganini rad etdi.
16-oktyabr kuni “Yamata” nomli turk qurilish kompaniyasiga tegishli bo‘lgan yo‘lovchi avtobus yengil avtomobil bilan to‘qnashishi oqibatida ag‘darilgandi. Unda Turkiya fuqarolari, shuningdek, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan ishchilar bo‘lgani aytilgandi.
O‘zbekistonning Xabarovsk shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan hodisa yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida 1 nafar avtobus yo‘lovchisi halok bo‘lgan, 14 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Ushbu avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagani aniqlandi.
Shu kuni Rossiyaning Novosibirsk viloyatida ikki yuk mashinasi va avtomobil ishtirokidagi YTHda 42 yoshli o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi.








