Guliston shahridagi oshxonada yuz bergan portlash oqibatida uch kishi vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Vazirlik axbporotiga ko‘ra, 2-dekabr kuni soat 10:49 da Guliston shahrining “Taraqqiyot” MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida sodir bo‘lgan yong‘in haqida tez tibbiy yordam Call-markaziga soat 11:13 da xabar kelib tushgan. Tez tibbiy yordam brigadasi zudlik bilan soat 11:25 da voqea joyiga yetib borib, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan.
Hodisa oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov boshchiligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, qo‘shma jarrohlar xirurgi, travmatolog va mikroxirurglardan iborat malakali mutaxassislar shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borgan.
O‘ta og‘ir qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatida. Reanimatsiyadagi mavjud bemorlarning 5 nafari stabil og‘ir, nafasi mustaqil, hushida.
Qayd etilishicha, ayni paytda qabul qilingan bemorlardan ikki nafari homiladorligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar bemorning ham ahvoli qoniqarli bo‘lib, ular tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bemor salomatligini o‘z nazoratiga olgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bir kishi qamoqqa olingan.








