Gulistondagi umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida sodir bo‘lgan portlash ortidan jami 3 kishi qamoqqa olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2-dekabr kuni soat 10:50 larda “Taraqqiyot” mahallasi hududida joylashgan Bek Family Cafe MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gaz ballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgan.
Oqibatda 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan. Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan. Bemorlardan 5 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani sababli tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan, qolgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi 1-qismi (xususiy mulk huquqini buzish), 257-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi) va 259-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga, boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi)bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, Bek Family Cafe MCHJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan. Sirdaryo viloyati IIB dastlab bir kishi qamoqqa olinganini ma’lum qilgandi.
Hozirda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.
3-dekabr kuni jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, hodisa sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.
Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialida bo‘lib, portlashdan jarohatlanganlardan xabar oldi. Qurbon boʻlganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, ularga moddiy yordam koʻrsatish zarurligini aytdi. Qurbon bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratiladigan bo‘ldi.








