Hormuz bo‘g‘ozida 4-may kuni Janubiy Koreyaning HMM kompaniyasi tomonidan boshqariladigan kemada yong‘in va portlash yuz berdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Reuters xabar berdi.
Yonhap axborot agentligining yozishicha, HMM Namu kemasiga hujum qilingani ehtimoli tekshirilmoqda. Kompaniya bergan xabarga ko‘ra, yong‘in Panama bayrog‘i ostida harakatlanayotgan yuk kemasining mashina bo‘limida boshlangan.
Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Hozirda mutaxassislar yong‘in sabablarini o‘rganmoqda. Kema bortida jami 24 nafar ekipaj bo‘lgan, ularning olti nafari Janubiy Koreya fuqarolaridir.
AQSH harbiylarining bildirishicha, Harbiy-dengiz kuchlarining ikkita boshqariladigan raketa esminetsi Eron blokadasini yorib o‘tish uchun ko‘rfazga kirgan. Shuningdek, AQSHning ikkita savdo kemasi Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tib bo‘lgan. Bundan avval Eron tomoni AQSH harbiy kemasining ko‘rfazga kirishiga yo‘l qo‘ymaganini da’vo qilgandi.
“Hukumatimiz ushbu masala bo‘yicha tegishli davlatlar bilan yaqindan aloqa o‘rnatadi. Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarimiz va ekipaj a’zolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi”, deyiladi Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Seul rasmiylarining ma’lum qilishicha, hozirda bo‘g‘ozda Janubiy Koreya bayrog‘i ostidagi 26 ta kema qolib ketgan.
Tramp Janubiy Koreyani koalitsiya tuzishga chaqirdi
AQSH prezidenti Donald Tramp xuddi shu kuni Janubiy Koreyani bo‘g‘ozda Eronga qarshi kurashda, xususan, kemalar harakatini himoya qilishda yordam berishga chaqirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, 5-may kuni urush vaziri Pit Hegset va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Den Keyn ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.
4-may kuni Yaqin Sharqda vaziyat yana keskinlashdi. BAA portlari va AQSHning harbiy hamda tijoriy kemalariga hujum uyushtirildi. Vashington bu Eron tomonidan sodir etilganini da’vo qildi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Eronning oltita qayig‘ini yo‘q qildi.








