Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida start oladigan erkaklar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Jahon chempionati arafasida Qirg‘iziston terma jamoasi atrofida kutilmagan vaziyat yuzaga keldi: jamoaning 13 nafar a’zosidan atigi ikki sportchiga viza berildi, qolgan o‘n nafari esa BAAga kirish ruxsatnomasini ola olmadi. Bu haqda ProSport nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, barcha hujjatlar o‘z vaqtida topshirilganiga qaramay, faqat ikki bokschi — Omar Livaze (63,5 kg) va Almaz O‘rozbekov (67 kg) hamda bosh murabbiy Daniyar Tolagan o‘g‘liga viza berilgan. Qolgan sportchilar — Anvarjon Xojiyev, Mirlan Turkbay o‘g‘li, Sanjay Seydakmatov, Rispek Bektenov, Ixtiyor Nishonov, Sirqak Abdijapar o‘g‘li, Omurbek Bekjigit o‘g‘li, Erkin Adilbek o‘g‘li, Bаkit Toktosun o‘g‘li va Mirzakir Koshaliyev kabilarning musobaqada qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda.
Federatsiya bu holat nafaqat Qirg‘iziston, balki yana 46 davlat vakillariga ta’sir qilayotganini, vaziyat chempionatning to‘laqonli shaffof o‘tishiga shubha tug‘dirishi mumkinligini bildirdi.
Shu xabarlari fonidа Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlov masalaga shaxsan aralashib, BAA va Qirg‘iziston hukumatlariga murojaat yo‘lladi.
Kremlovning aytishicha, IBA hozirda BAA Tashqi ishlar vazirligi bilan birga qirg‘izistonlik sportchilar uchun vizani tezlashtirish ustida ishlayapti.
“Biz Qirg‘iziston terma jamoasini jahon chempionatida ko‘rishni intiqlik bilan kutyapmiz. BAA hukumati bilan birga vizaviy masalalarni hal qilish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shuningdek, Qirg‘iziston hukumatining hamkorligi juda muhim. Bokschilar o‘z mamlakati sharafini jahon arenalarida munosib himoya qilishi kerak. Bu boksning umumiy bayrami va barcha terma jamoalarning qatnashishi biz uchun muhim”, dedi Kremlov.
IBA prezidenti tashkilot chempionatni barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatli va qulay tarzda o‘tkazishga intilayotganini alohida ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Dubayda bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha Jahon chempionati 3-dekabrdan 13-dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi.








