Futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga kelgan xorijiy muxlislarning AQSHda noqonuniy qolishi immigratsiya xizmatlarining e’tiboriga tushadi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi “RIA Novosti”ga ma’lum qildi.
“AQSHga qonuniy asosda kelgan chet ellik mehmonlarning xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘q. Immigratsiya xizmatlarining e’tiboriga tushishi mumkin bo‘lgan yagona mezon — bu AQSHda noqonuniy ravishda bo‘lishdir”, dedi vazirlik vakili.
Vazirlik xorijlik mehmonlarni kelgusida qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun ehtiyotkor bo‘lishga va hujjatlarni rasmiylashtirishni oldindan rejalashtirishga chaqirdi. Idora vakili o‘zlarining vazifasi har bir muxlis uchun “to‘liq xavfsizlik sharoitida unutilmas taassurotlar”ni ta’minlashdan iboratligini ta’kidladi.
Nyu Yorkdagi “Manifest” advokatlik byurosining immigratsiya masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Genri Lindperening so‘zlariga ko‘ra, AQSHda immigratsiya ishlari bo‘yicha advokat xarajatlari o‘n minglab dollarga yetishi mumkin. Mamlakatda bo‘lish muddatini oshirib yuborganlik va viza rejimini buzganlik uchun chet el fuqarolari jinoiy javobgarlikka tortiladi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. AQSH hududidagi uchrashuvlar 11 ta shaharda o‘tkaziladi. 18-iyun kuni Mexiko shahridagi “Ateka” stadionida O‘zbekiston va Kolumbiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Kolumbiya terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Guruhdagi navbatdagi 2-tur uchrashuvlarida 23-iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushsa, 24-iyunda Kongo DR va Kolumbiya o‘zaro kuch sinashadi. Hal qiluvchi 3-tur bahslari esa 28-iyun kuniga belgilangan bo‘lib, unda Portugaliya Kolumbiya bilan, Kongo DR esa O‘zbekiston terma jamoasi bilan bahs olib boradi.








