Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro boks assotsiatsiyasi — IBA tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqaning navbatdagi kunida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar a’zosi ringga ko‘tarilishi belgilangan edi va ularning barchasi keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Dastlab, –60 kg vazn toifasida o‘tishi rejalashtirilgan Abdumalik Xalokov – Kevin Moskuera jangi bekor qilindi. Bunga ekvadorlik jangchi belgilangan vazn me’yorini bajara olmagani sabab bo‘ldi. Qoidalarga ko‘ra, Xalokov jangsiz keyingi bosqichga yo‘l oldi.
–54 kg vazn toifasida ringga chiqqan Asilbek Jalilov turkiyalik Sadai Axiskaliga qarshi bahs olib bordi. Jalilov jang davomida katta ustunlikka erishdi va 3-raundda raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan Jalilov g‘alabasini qayd etdi — 5:0.
–75 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Fazliddin Erkinboyev Qirg‘iz respublikasi vakili Sirgak Abdijapar uulu ustidan ishonchli tarzda zafar quchib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi.
Bugun, 7-dekabr sanasida yana 3 nafar o‘zbekistonlik bokschi Jahon chempionati doirasida ringga ko‘tariladi.
Juftliklar:
–63,5 kg: Sayat Ilyasov — Omar Livaza (Qirg‘iz respublikasi), 19:45
–67 kg: Shavkatjon Boltayev — Osorio Muxanga (Mozambik), 20:45
–57 kg: Xo‘janazar Nortojiyev — Rukmal Podi (Shri-Lanka), 22:45
Janglar Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi, ikkinchi dastur esa 22:00 da start oladi.








