Sherzod Kudbiyev Soliq qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Sherzod Kudbiyev Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi.
U 2020-yil may oyidan buyon Soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlayotgan edi.
Sherzod Kudbiyev 1981-yil 12-aprel kuni Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2003-yilda Farg‘ona politexnika institutini tugatgan. O‘zining mehnat faoliyatini 2003-yildan Mehnat vazirligining turli lavozimlarda boshlagan. O‘zbekiston prezidentining qarori bilan 2023-yilning 3-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Mehnat faoliyati:
- 2010-2012 yillarda - Vazirlar Mahkamasining makroiqtisodiy rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi;
- 2012-2015 yillarda Mehnat vazirligi ilmiy-tadqiqot markazi direktori;
- 2015-2016 yillarda - Vazirlar Mahkamasining makroiqtisodiy rivojlantirish departamenti rahbarining o‘rinbosari;
- 2016-2018 yillarda - Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi;
- 2018-2019 yillarda - Mehnat vaziri;
- 2019-2020 yillarda - prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik orginlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi;
- 2020 yildan - Davlat soliq qo‘mitasi raisi;
- 2022 yildan - Davlat soliq qo‘mitasining fiskal instituti rektori;
- 2022 yildan - O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi;
- 2022 yil 30-dekabr - O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri.
Shuningdek, Farrux Po‘latov Soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.
U Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori lavozimiga 2022-yilda tayinlangan edi. U 1979-yil Farg‘ona viloyatida tug'ilgan.
Ma’lumoti:
- 2001 yil: Farg‘ona politexnika institutining bakalavriatini tamomlagan.
- 2010 yil: Toshkent davlat yuridik institutining magistraturasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatidagi asosiy lavozimlar:
- Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
- 2018 yil iyul: "O‘zdonmahsulot" kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tasdiqlangan.
- 2022 yil mart: Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori etib tayinlangan.
- 2023 yil fevral: Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori etib tasdiqlangan (bu agentlikning vazirlik tizimiga o‘tishi bilan bog‘liq).
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi
Prezident farmoni bilan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilishi belgilandi. Quyidagilar Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
- urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;
- samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash;
- “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash.








