Shavkat Mirziyoyevning 6-fevral kungi farmoni bilan O‘zbekistonda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.
Hujjatga ko‘ra, tarmoqlar ehtiyoji hamda xorijiy tajriba tahlili asosida, o‘rta va uzoq muddatda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Agentlik dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi hamda tarmoq va hududlarga uslubiy va amaliy jihatdan ko‘maklashadi. Idora soha va tarmoqlarga mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan boshlab dasturlarning ishlab chiqilishi va Kengashga kiritib borilishini tashkil etadi.
Ushbu agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va e’lon qilib boradi.
Shuningdek, prezidentning juma kungi farmoni bilan Baxtiyor Xaydarov Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlayotgandi.








