Andijon, Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyatlarida tuman-shaharlarga yangi hokimlar tayinlandi.
Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, Ohangaron shahrida Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev o‘tgan qariyb ikki yil mabaynida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi maqsad va vazifalarning ijrosi yuzasidan tanqidiy-tahliliy ma’ruza qilgan.
Shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Rajabboyev ishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etildi. Zoir Mirzayev Ohangaron shahar hokimi lavozimiga tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Sadriddin Shoqosimov nomzodini tavsiya qildi.
Nomzod shaharning yaqin istiqboli yuzasidan taqdimot qildi. Xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashi Sadriddin Shoqosimovni shahar hokimi etib tasdiqladi.
Andijondagi tayinlov
Elyorbek Abdurahmonov Xonobod shahri hokimi etib tayinlandi. Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar, Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borgan.
Navoiydagi tayinlov
Shohrux Boltayev Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi etib tayinlandi.
Tayinlovga qadar u Karmana tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Alisher Rashidov Navbahor tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u Navoiy viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
Samarqanddagi tayinlov
Narpay tumaniga ham yangi hokim tayinlandi.
Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Anvar Boliyev hokim etib tayinlandi.








