Oʻzbekiston prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi, tajribali diplomat Abdulaziz Komilov Oʻzbekiston tomoni Gʻazoda boʻlayotgan xunrezliklarni tugatish borasida AQSH prezidenti Tramp bilan hamfikr ekanini aytib, “Bu borada prezident Tramp bilan dunyoqarashimiz yaqin”, dedi. Bu haqda u “Davra” podkastida gapirdi.
Prezident Tramp bilan dunyoqarashimiz, munosabatlarimiz regional, mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-biriga juda yaqin. Bitta misol keltiraman. Muhtaram prezidentimiz oʻtkir va keskin masala — Gʻazoda boʻlayotgan voqealarni koʻtardi. Qarama-qarshilik va zoʻravonlikni toʻxtatish kerak degan taklif bilan chiqdi. Boshqa davlatlar aytayotganidek, u yerda ochiqdan-ochiq genotsid boʻlyapti. AQSH prezidenti ikki-uch kun oldin yangi tashabbus bilan chiqdi. Men Yaqin Sharqda koʻp yil ishlaganman, oʻylaymanki, bu tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash mumkin. Hozir yirik, katta arab davlatlarining rahbarlari ham buni qoʻllab-quvvatlayapti. Agar mana shu jarayon rivojlanib, Gʻazoda tinchlik oʻrnatilsa prezidentimizning munosabati va pozitsiyasi AQSHga juda yaqin ekani koʻrinadi. Shuning uchun nafaqat biznes doirasida, boshqa yoʻnalishlarda ham biz keng hamkorlik qilyapmiz, dedi prezident maslahatchisi.
Abdulaziz Komilov Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligiga kelganda, Oʻzbekiston davlati qoʻshnilari bilan oʻzaro ishonch masalasida juda ogʻir vaziyatda boʻlganini aytmoqda.
Oʻzbekiston prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi, tajribali diplomat Abdulaziz Komilov avvalroq mamlakatning AQSH bilan munosabati Shavkat Mirziyoyevga qadar juda zaif boʻlganini gapirib bergandi.Hurmatli Shavkat Miromonovich prezidentlikka kelganlarida, oldilarida juda murakkab masalalar, muammolar bor edi. Eng asosiysi nimadan iborat edi? Biz yoʻqotgan eng muhim, eng qimmatli narsa — bu qoʻshnilar bilan boʻlgan oʻzaro ishonch edi. Oʻzaro ishonch yoʻqolganidan keyin uni yangidan tiklash oson ish emas. Yigʻilgan masalalarni hal qilish uchun oldin mana shu aloqalarni yaqinlashtirish, oʻzaro ishonchni tiklash kerak edi. Nega deganda, toʻsatdan borib: “Qani, kelinglar, oʻtiringlar, chegara boʻyicha bir gaplashib olaylik”, degan bilan ish bitmaydi, toʻgʻrimi? Prezidentimizning dono siyosatlari tufayli oʻzaro ishonch tiklandi, koʻp masalalar hal boʻldi, dedi diplomat.








