O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sammitida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Yuqori darajali umumiy muzokaralar (General Debate) 22–27-sentyabr kunlari Nyu York shahridagi BMT bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadi, unda dunyoning 150 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari qatnashadi.
Bunday yirik tadbir nafaqat shahar infratuzilmasi, balki xavfsizlik hamda huquq-tartibot organlari uchun ham haqiqiy sinov. Axir bir vaqtning o‘zida yuzlab davlat rahbarlari va ularning delegatsiyalari xavfsizligini ta’minlash murakkab, ammo eplash mumkin bo‘lgan vazifa. Uni esa har bir davlatning maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda amalga oshirish talab etiladi.
Masalan, O‘zbekiston prezidenti quruqlik, suv va havoda doimiy ravishda Prezident Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qo‘riqlanadi. Biroq xorijiy tashriflar mobaynida qo‘shimcha ko‘mak zarar qilmaydi. Amerikada ushbu ko‘makni bizga AQSH maxfiy xizmati (Secret Service) taqdim etadi. Ular Nyu York politsiyasi (NYPD), BMT xavfsizlik xizmati, qirg‘oq qo‘riqchilari va aeroport xavfsizlik xizmati (TSA) bilan yaqindan ishlaydi.
AQSH maxfiy xizmati haqida nimalar ma’lum? Biroz qiziqarli faktlarga to‘xtalamiz:
- Secret Service 1865-yil 14-aprelda, Abraham Linkoln tomonidan ishonchli moliyaviy tizimni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan — aynan o‘sha kuni Linkoln suiqasdga uchragan.

- AQSH huquq-tartibot tizimidagi eng sirli tuzilma sanalishiga qaramay o‘zining shaxsiy Instagram sahifasiga ega. Auditoriyasi 300 mingdan ortiq.
- Xizmatning eng o‘ziga xos, ajralib turuvchi jihati sifatida uning nafaqat prezident, vitse-prezident, ularning oilalari yoki tashrif buyuruvchi davlat rahbarlari, balki saylov kampaniyasi davomida prezidentlikka nomzodlarni ham qo‘riqlashini e’tirof etish kerak.
- Iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash va yo‘q qilish ham ularning vazifasiga kiradi.
- Maxfiy xizmatda yuzlab elita xodimlar ishlaydi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Turli manbalarga ko‘ra ularning soni – 6500 nafar
- Aksariyat xodimlari ko‘zga ko‘rinmaydi va olomon ichida yuradi.
- Maxfiy xizmat kortej, zirhli mashinalar, snayperlar, CAT (Counter Assault Team) va dronlarga qarshi texnologiyalarni boshqaradi.
Qolgan vazifalar quyidagicha taqsimlanadi:
Nyu York Politsiyasi (NYPD)
- Shahar ichidagi xavfsizlik uchun mas’ul.
- Yo‘llarni yopadi, marshrutlarni tartibga soladi.
- Vertolyotlar, patrul katerlari, K-9 itlari va bomba zararsizlantirish guruhlarini safarbar qiladi.
BMT Xavfsizlik Xizmati (UNDSS)
- BMT qarorgohi hududi ichida tartib va xavfsizlikni ta’minlaydi.
- Binoga kirish, akkreditatsiya va nazorat punktlarini boshqaradi.
AQSH Qirg‘oq Qo‘riqchilari (Coast Guard)
- East River bo‘yidagi suv yo‘llarini yopadi va nazorat qiladi.
- Prezident korteji BMT hududiga yaqinlashganda suvdan himoya qiladi.
Federal agentliklar
- FBI – terrorchilikka qarshi razvedka.
- TSA va FAA – havo hududini yopish, aeroport xavfsizligi.
- “Brain Center” deb ataluvchi boshqaruv markazi yuz minglab ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qiladi.
Bularning barchasi asosiy shaxslarning A nuqtadan B nuqtagacha yetib olishi, joylashuvi, yashashi davomida misli ko‘rinmagan hajmdagi ishlarni bajaradi. Xavfsizlik strategiyasi zanjiridagi eng katta yumush, shak-shubhasiz, kortej xavfsizligini ta’minlash. Davlat rahbarlarining korteji – butun boshli konstruktorni yodga soladi. Va uning har bir tarkibiy qismidagi eng mitti vint ham muhim ishni bajaradi.
Demak, agar mehmon davlat rahbarlarining AQSHga tashriflari tarixi va tajribasini tahlil qilsak, kortej tuzilmasidagi o‘ziga xos 2 qismni ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi. Bular yo‘l ochuvchilar sifatida mototsikl eskortlari (NYPD Highway Patrol) – kortejning oldida va yon tomonida yuradi, boshqa transportni to‘xtatib, xavfsiz “yo‘l yo‘lagi” yaratadi.
Hamda otliq politsiya (Mounted Unit) – odatda kortejni kuzatib boruvchi emas, balki kortej marshruti bo‘ylab odamlar ko‘p to‘plangan joylarda tartib va perimetr nazoratida turadi. Ular ko‘pincha BMT binosi atrofida, Park Avenue yoki 1st Avenue bo‘ylab xizmat qiladi.
AQSH mehmon davlat rahbarlari kortejiga odatda Chevrolet Suburban yoki Cadillac Escalade kabi og‘ir zirhli avtomashinalarni taqdim etadi. Mashina rusumlari mehmon tomon protokoli bilan kelishuvga qarab o‘zgarishi mumkin.
Bevosita O‘zbekiston prezidentining AQSHdagi tashriflari tarixiga qaralsa, 2018 va 2023-yillarda davlat rahbari kortejida Mercedes-Benz Maybach S-klass rusumli zirhli avtomobilini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston prezidentining joriy yilgi tashrifida ham unga Mercedes-Maybach S-Class rusumli zirxli avtomobili ajratilganini ko‘rish mumkin.
Ba’zi yirik davlatlar (masalan, AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya) o‘z prezidentlari uchun o‘z davlat mashinasini olib keladi:
- AQSH – Cadillac The Beast;
- Rossiya – Aurus Senat Limo;
- Germaniya – Mercedes-Benz S600 Pullman Guard;
- Xitoy – Hongqi L5.
Masalan, AQSH prezidenti — dunyodagi eng ko‘p qo‘riqlanadigan insonlardan biri. Shunga muvofiq, uning korteji ham o‘ziga xos tuzilishga ega. Uning markazida The Beast (“Hayvon”) deb ataladigan maxsus Cadillac One limuzini bor.
Mashina to‘liq bronli: eshiklari 20 sm qalinlikda, og‘irligi taxminan 8 tonna. Ichida maxsus kislorod tizimi va hatto prezidentning qon guruhi bo‘yicha favqulodda zaxira qon ham mavjud. Shinalari portlasa ham yuraveradi, yonilg‘i baki portlashga qarshi maxsus ko‘pik bilan to‘ldirilgan.
Tramp kortejini kuzatgan jurnalistlar uni “ko‘chadagi eng qimmat harakatlanuvchi qal’a” deb atashgan. AQSH prezidentlari safarlarda har doim decoy motorcade – ya’ni yolg‘on kortej ham olib yuradi. Bu hujumchilarni chalg‘itish uchun qo‘llaniladi.
Himoya faqat odamlar bilan cheklanmaydi: havo hududi vaqtincha yopiladi, qirg‘oq qo‘riqchilari suv yo‘llarini nazorat qiladi, hatto dronlarga qarshi tizimlar ishga tushiriladi. Prezident korteji (motorcade) odatda 20–30 ta mashinadan iborat bo‘ladi. Ba’zan xorijiy safarlarda soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Har bir avtomobilning o‘z vazifasi bor.
Xulosa o‘rnida, davlat rahbarlarining xalqaro maydondagi har bir tashrifi – yirik logistika va xavfsizlik operatsiyasi. Oddiy kuzatuvchiga bu yashirin va maxfiy jarayon deyarli ko‘rinmasligi mumkin, biroq aslida uning ortida yillar davomida to‘plangan tajriba hamda yuqori darajadagi hamkorlik yotadi.








