Daryo

Toshkentda “Dok-1 Maks” ishi boʻyicha toʻplangan dorilar yoʻq qilinmoqda

Oʻzbekistonda kamida 69 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan Quramax Medical MCHJ hamda bojxona omborxonalarida saqlanayotgan jami 3 mln 200 mingdan ziyod dori vositalarini sud qaroriga asosan yoʻq qilish belgilangan.

2 daqiqa o‘qish1 772 ko‘rishlar0 izoh4

Oʻzbekistonda kamida 69 ta bola oʻlimiga sabab boʻlgan 3 million 200 mingdan ziyod dori vositalari yoʻq qilinmoqda. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar qildi.

Gap 2022-yilning sentyabr-dekabr oylarida Hindistonning Marion Biotech korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan va kamida 68 nafar bolaning oʻlimiga, 16 nafarining nogiron boʻlib qolishiga sabab boʻlgan (nogiron boʻlib qolgan bolalardan yana biri joriy yilning iyul oyida vafot etgan) “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari haqida ketmoqda.

Byuroning Shayxontohur tuman boʻlimi ish yurituvidagi jinoyat ishlari boʻyicha sud ijro varaqasiga asosan, sudlanganlar K.S. va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan Quramax Medical MCHJ hamda bojxona omborxonalarida saqlanayotgan 3 million 200 mingdan ziyod dori vositalarini yoʻq qilish belgilangan.

Bunda 811 ming 478 dona “Dok1 Maks” tabletkalari va 101 ming 669 dona “Dok1 Maks” siropi, shuningdek, 2 million 252 ming 796 dona “Ambronol” tabletkalari, 56 ming 672 dona “Ambronol” siropini tegishli tartibda utilizatsiya qilish tadbiri oʻtkazilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning 26-fevral kuni “Dok-1 Maks” ishi boʻyicha sudning yakuniy hukmi eʼlon qilingan. Unga koʻra, sudlanuvchilarning 7 nafari ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, 14 nafarining ozodligi cheklandi. Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan boʻlsa, yana bir nafari 17 million soʻmlik jarimaga tortilgan.

Sud tomonidan 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard soʻmdan tovon puli, ogʻir tan jarohati olib nogiron boʻlib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga esa 500 million va 200 million soʻm miqdorida tovon puli undiriladigan boʻlgandi.

Shundan soʻng 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan S.R.P., 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sardor Kariyev va har biri 16 yil muddatga qamalgan oʻrinbosarlari — A.Azimov va N.Musayev, 16,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Sh.Shodmanov hamda 2 yil muddatga ozodligi cheklangan Sh.Abdugʻaniyev va I.Mirzayoqubov hukmdan norozi boʻlib, apellyatsiya shikoyati yozgan.

Apellyatsiya instansiyasi dastlabki hukmni oʻzgarishsiz qoldirgan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasiman. “Daryo”da 2025-yilning avgust oyidan buyon ishlayman. Xabarlar yozaman. Sevimli kitobim Jek Londonning “Martin Iden” asari. Har yili Andrey Tarkovskiyning “Nostalghia” filmini kamida bir marta qayta ko‘raman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar