2026-yil 1-iyuldan Oʻzbekistondagi dorixonalarda 2 ming 500 nomdagi retsept asosida sotiladigan dorilar narxlari pasaytirildi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi maʼlum qildi.
Agentlik matbuot kotibi Anvarxon Akabirov qator turdagi dori vositalari narxlariga yangi chegara (referent narx) oʻrnatilganini aytib oʻtdi. Jumladan, antibiotiklar va mikroblarga qarshi vositalar 50,1 foizgacha arzonlashtirilgan.
Yurak-qon tomir tizimi dorilari qiymati 37 foizgacha, asab tizimi dori vositalari narxlari 40 foizgacha tushirilgan. Yalligʻlanishga qarshi va ogʻriq qoldiruvchi dorilar 42 foizgacha arzonlashtirilgan.

“2026-yil 1-iyundan boshlab mazkur dori vositalarini avval amalda boʻlgan referent narxlarda realizatsiya qilish imkoniyati mavjud emasligini maʼlum qilamiz. Soliq qoʻmitasi axborot tizimlarida referent narxlardan yuqori narxlarda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar avtomatik tarzda nazorat qilinib, ularni yuborish imkoniyati cheklanadi”, dedi Anvar Akabirov
Agentlik vakili dori vositalari narxlari davlat tomonidan doimiy tartibga solinayotganiga urgʻu bergan. Narxlar asossiz oshirilmasligi va bozorda shaffoflikni taʼminlash uchun referent narx shakllantirish tizimi joriy etilganini eslatgan.
Qayd etilishicha, referent narxlarni hisoblash xalqaro amaliyotdan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bunda birinchi navbatda referent davlatlardagi oʻrtacha qiymat eʼtiborga olinadi. Oʻz navbatida dorilar ishlab chiqaruvchi mamlakatdagi narxlar taqqoslanadi. Shu bilan birga, soʻnggi bir yilda Oʻzbekistonga import qilingan dori vositalari boʻyicha shartnomalar narxlari inobatga olinadi.
Agentlik retseptli dorilarning cheklangan narxlariga oid maʼlumotlar pharm.gov.uz veb saytida eʼlon qilinganini qayd etgan. Fuqarolar zarur dorilar narxlarini mustaqil ravishda tekshirishi mumkinligi bildirilgan. Dorilar xarid qilish paytida “PharmUz” mobil ilovasidan ham foydalanish mumkin. Ilova orqali retsept asosida sotiladigan dori vositalarining cheklangan va amaldagi chakana narxlarini solishtirish imkoni bor.
Bundan bir yil oldin agentlik direktori Abdulla Azizov retsept bilan sotiladigan dorilar referent narxlarini pasaytirish ustida ishlanayotganini aytgandi. Retseptsiz dori vositalaridan esa referent narxlar olib tashlanishi bildirilgan.
Oʻzbekiston dori vositalarining 80 foizini xorijdan import qiladi. Shundan kelib chiqib, dorixonalarda retsept asosida sotiladigan dorilarga chet eldagi qiymatlar taqqoslanib, oʻrtacha mezon sifatida referent narx oʻrnatilgan. Qoidaga koʻra, dorixona maʼlum dori vositalarini belgilangan referent qiymatidan yuqori narxga sotishi taqiqlanadi.
Bundan bir yil ilgari mamlakatda 8 mingga yaqin retseptli dori vositalari sotilayotgani aytilgandi. Abdulla Azizov ulardan har birining narxi oʻrganilib, sotuv qiymati boʻyicha aniq chegara belgilash koʻzda tutilganini maʼlum qilgan.








