Daryo

Ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobil egalari har yili kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda avtomobilni utilizatsiyaga topshirganlarga yangi avtomobilni imtiyozli narxlarda sotib olish uchun vaucher berish ham ko‘zda tutilmoqda.

3 daqiqa o‘qish44 752 ko‘rishlar1 izoh9

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobil egalari har yili kompensatsiya to‘lashga majburiyati yuklatilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qaror loyihasida ko‘zda tutilgan.

“Ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarning utilizatsiyasini tashkil etish va uning komponentlarini qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalari har yili bir marotaba BHMning 30 barobari (12 mln 360 ming so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi rejalashtirilmoqda.

Qonunchilikda belgilangan tartibda “zararli” ekologik toifaga mansub transport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi (“antikvar” avtomototransport vositalari bundan mustasno).

Loyihada qayd etilishicha, ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarni utilizatsiya qilish va ularning komponentlarini qayta ishlash tizimini quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

  • birinchi bosqichda (2026-yildan boshlab) — M1 toifali transport vositalar (yengil avtomobillar) uchun;
  • ikkinchi bosqichda (2027-yildan boshlab) — M2, M3, N1, N2, N3 toifali transport vositalar (mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari) uchun;
  • uchinchi bosqichda (2030-yildan boshlab) — barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari uchun.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yilning 1 avgustiga qadar Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritish yagona elektron tizimida qo‘shimcha modul sifatida “Tovar va qadoqlash buyumlari chiqindilarini onlayn monitoring qilish” platformasini ishga tushiradi.



Avtomobilni utilizatsiyaga topshirish va yangisini imtiyozli narxlarda sotib olish uchun vaucher olish

Ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtotransport vositalarini utilizatsiyaga topshirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: birinchi bosqich – baholash, ikkinchi bosqich – avtotransport vositasini qabul qilib olish va utilizatsiya qilish. Iste’molchi ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtotransport vositasini qonunchilikda belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazadi. Texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan avtotransport vositalarini baholashga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Iste’molchi ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtotransport vositasini baholatish uchun elektron platforma orqali ariza beradi. Arizada avtotransport vositaga oid asosiy ma’lumotlar, shu jumladan uning rusumi, ishlab chiqarilgan yili, texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va zarur hujjatlar ilova qilinadi.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Iste’molchi avtotransport vositasini operatorga topshirish uchun operator tomonidan elektron platformada joylashtirilgan qabul qilish reja-grafigiga muvofiq belgilangan sana va vaqtda avtotransport vositani olib boradi. Operator baholangan avtotransport vositasini qabul qilib oladi va bu haqda tegishli topshirish-qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtiradi.

Operator – iste’molchiga ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtotransport vositani baholash natijalaridan kelib chiqib, belgilangan tartibda to‘lovlarni to‘lovchi, qabul qilingan texnikalarni qayta ishlovchi yoki restavratsiya qilib, ikkilamchi bozor sotuviga chiqaruvchi yuridik shaxs.

Avtotransport vositani qabul qilib olish evaziga iste’molchi bilan quyidagi shakllarda hisob-kitob qilinishi mumkin:

  • pul mablag‘larini to‘lab berish;
  • yangi avtomobillarni imtiyozli narxlarda sotib olish uchun elektron vaucherlar taqdim etish;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa shakllarda kompensatsiya berish.
Hisob-kitob shartlari va miqdorlari baholash natijalariga asosan belgilanadi hamda tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomada aks ettiriladi. 






Operatorlar tomonidan taqdim etilgan elektron vaucherlar respublika hududida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Avtotransport vositalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar elektron vaucher taqdim etgan iste’molchilarga yangi avtotransport vositasini sotishda:

  • elektron vaucherdan ko‘rsatilgan mablag‘lar miqdorida chegirma beradi;
  • avtotransport vositasining narxidan elektron vaucherdan ko‘rsatilgan mablag‘lar miqdori chegirilgan qismini bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotadi.
Elektron vaucher hamda unda ko‘rsatilgan chegirma miqdorlari elektron vaucher berilgan muddatdan boshlab 6 oyga 

amal qiladi.

Ushbu loyiha muhokamasi 28-iyungacha davom etadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar