1966-yilda amerikalik olti nafar qora tanli o‘smir politsiyachilardan himoyalanish uchun yashirin tashkilot tuzadi. Ko‘p o‘tmay bu tashkilot qora tanlilarning radikal harakatiga aylanadi va AQSH bo‘ylab ko‘plab yosh yigitlar unga a’zo bo‘lishadi. Tashkilot radikal yo‘llar bilan qora tanlilar huquqlarini himoya qilishni o‘ziga asosiy g‘oya qilib oladi. Keyinchalik hukumat kuch ishlatib partiyani tarqatib yuboradi. Biroq ko‘p o‘tmay u yangidan tuziladi.

1989-yilda Oklend ko‘chalarining birida politsiya qora tanli shaxsning jasadini topadi. Tezda atrofga odamlar to‘planadi va ular politsiyani qotillikda ayblashadi. Shunda kimdir “Iye, o‘ldirilgan odam Xyu Nyuton-ku” deb baqiradi.
Xyu Nyuton 1970—80-yillarda Amerikada ancha mashhur bo‘lgan “Qora panteralar” radikal partiya rahnamolaridan biri edi.
1980-yillar boshlarida partiya hukumat tomonidan tarqatib yuboriladi. Biroq Xyu Nyuton o‘z maslagiga sodiq qoladi va qora tanlilar huquqi uchun kurashishda davom etadi.
Ko‘p o‘tmay boshqalar tomonidan partiya qayta tashkil etiladi. Biroq bu safar harakat o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi va bu Xyu Nyutonga yoqmaydi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay uni o‘ldirib ketishadi. Quyida “Qora panteralar” tarixi haqida gaplashamiz.
AQSHdagi siyosiy hayot ikki partiyadan iborat emas
Bugun Amerikadagi saylovlarga qiziqadiganlar ham bu davlatda ikkita partiya — Demokratlar hamda Respublikachilar bor va hokimiyat uchun asosan shular kurash olib boradi deb o‘ylaydi.
Aslida esa unday emas. To‘g‘ri, AQSHda prezidentlik saylovlarida asosan Demokratlar va Respublikachilar kurash olib boradi. Biroq bu Amerikada faqat shu ikkita partiya bor degani emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Amerikada 40 dan oshiq turli partiyalar bor. Ularning aksariyati kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan, ancha yillik tarixga ega.
Shuningdek, agar Amerika tarixiga qaralsa barcha prezidentlar ham Demokratlar va Respublikachilar vakillari emas. Masalan, birinchi prezident Jorj Vashington partiyasiz bo‘lgan.
Ikkinchi prezident Jon Adams esa Federalistlar partiyasiga a’zo bo‘lgan. 9-prezident Uilyam Harrison va 10-prezident Jon Teyler Viglar partiyasi vakili bo‘lgan.
Amerikadagi partiyalarning ayrimlari oshkora ishlagan bo‘lsa, ayrim partiyalar radikal yo‘ldan ketadi. Ana shunday radikal partiyalardan biri “Qora panteralar” deb ataladi.
Bu partiyani 1960-yillarning ikkinchi yarmida qora tanli o‘smirlar yashirin tashkilot tarzida tashkil etishgan. Ko‘p o‘tmay u partiyaga aylanadi va ko‘plab qora tanli amerikaliklar a’zo bo‘lishadi.
O‘smirlar tuzgan tashkilot
1966-yil oktyabr oyida Kaliforniya shtatining Oklend shahrida yashovchi olti nafar qora tanli o‘smir politsiyadan himoyalanish uchun guruh tuzadi. Ular politsiya zo‘ravonlik qilganda qurolli qarshilik ko‘rsatishni maqsad qilgandi.
O‘sha paytda qora tanlilar rahnamosi Martin Lyuter qora tanlilar huquqlarini tinch yo‘l bilan talab qilishni ilgari surar va bu ko‘plab afroamerikaliklarga yoqmasdi.
Ular o‘zlarini kamsitayotgan va zo‘ravonlik qilayotgan politsiyachi va boshqalarga kuch bilan javob qaytarishni xohlashardi. “Qora panteralar”ni tuzgan o‘smirlar ham ular jumlasidan edi.
Guruhning liderlari Xyu Nyuton va Bobbi Sil degan o‘smirlar edi. Guruhga “Qora panteralar” deb nom qo‘yilganiga sabab bu jonzot qora tanlilarning ramzi hisoblanardi.

Harakat a’zolari o‘zlari uchun maxsus kiyim ham tanlashadi. “Qora panteralar” safiga kirganlar qora shim va qora rangli charm kamzulda yurishi kerak bo‘lardi.
Ko‘p o‘tmay “Qora panteralar” safi kengayadi va unga ko‘plab qora tanlilar a’zo bo‘lishadi. Shundan so‘ng harakat partiya tarzida qayta tashkil etiladi va 10 banddan iborat nizom ishlab chiqiladi.
Partiyaning bosh shiori “Butun hokimiyat xalqqa” edi. Nizomda afroamerikaliklar hokimiyatdan yer, non, uy-joy, ta’lim olish huquqi va kiyim-kechaklar bilan ta’minlash, adolat hamda tinch hayotni kafolatlashni talab qilingandi.
Shuningdek, “Qora panteralar” a’zolari Amerikaning qora tanli fuqarolarini harbiy xizmatdan to‘liq ozod qilish talabini ham ilgari surishadi.
Bu partiya o‘ziga dasturilamal sifatida sotsialistik tuzum egalari bo‘lgan kommunistlarning g‘oyalarini olishadi.
Harakat partiya darajasiga chiqqandan so‘ng qora tanli boylar ajratgan mablag‘lar hisobidan shu irqdagi kambag‘allarga yordam ajratila boshlanadi.
Shuningdek, 1969-yildan boshlab Oklenddagi maktablarda ta’lim olayotgan qora tanli bolalarga tekin nonushta tarqatiladi. Ko‘p o‘tmay bu ish mamlakatning 45 ta shahrida yo‘lga qo‘yiladi.
Tekin nonushtadan tashqari, “Qora panteralar” o‘ndan ortiq shaharda qora tanlilar uchun tekin tibbiyot markazlari, tez yordam muassasalari tashkil etishadi.

“Qora panteralar” partiyasining tugatilishi
1960-yillarning ikkinchi yarmi, 1970-yillarda Amerikada qora tanlilarning hech qanday huquqlari yo‘q, ular hatto davlat tashkilotlari tomonidan ham ayovsiz kamsitilardi.
Ana shunday vaziyatda Martin Lyuter qora tanlilar rahnamosi sifatida o‘rtaga chiqadi va ularning haq huquqlari uchun kurash boshlaydi. Biroq 1968-yilda Martin Lyuter o‘ldiriladi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab qora tanlilarning norozilik namoyishlari boshlanib ketadi.
Namoyishlarning aksariyatini “Qora panteralar” partiyasi tashkil etadi va harakat a’zolari ularda aktiv qatnashadi. O‘shangacha AQSH tarixida biron marta qora tanlilar bunchalik keng miqyosda namoyishlar o‘tkazmagandi.
Bu holat hukumatni jiddiy o‘ylantirib qo‘yadi va partiyani yo‘q qilish uchun harakat boshlanadi. Bu uchun ko‘plab politsiyachilar va milliy gvardiya a’zolari jalb qilinadi. 1969-yilda politsiya “Qora panteralar”ga qarshi kurash boshlaydi. Bunda hech kimga rahm qilinmaydi.
Shunda Federal qidiruv byurosi rahbari Edgar Huver “Qora panteralar” partiyasi mamlakat ichki xavfsizligi uchun jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlagandi.
Oqibatda partiyaning 28 lideri o‘ldiriladi. 100 dan oshiq faollar qamoqqa olinadi. AQSH hukumati 1975-yilda “Qora panteralar” partiyasi tomonidan tashkil etilgan va qora tanli bolalarga ijtimoiy yordam berilayotgan dasturni to‘xtatib qo‘yadi.
Boshqa tomondan AQSH hukumati aynan 1975-yildan boshlab mamlakatdagi barcha maktablarda nonushta berishni yo‘lga qo‘yadi.
Oxir-oqibat 1982-yilda partiya o‘z faoliyatini tugatishga majbur bo‘ladi. Biroq partiyaga sodiq bo‘lgan qora tanlilar o‘z g‘oyalaridan voz kechishmaydi.

1980-yillarga kelib AQSHda qora tanlilarga bo‘lgan munosabat birmuncha o‘zgaradi. Uzoq yillar davomida amalda bo‘lib kelgan “qora tanlilar uchun alohida muassasa” qoidasi yo‘q bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, hatto XX asrning ikkinchi yarmida ham AQSHda qora tanlilar oq tanlilar kiradigan kafe, restoran va boshqa muassasalarga kira olmagan. Hatto qora tanlilarning hojatxonasi ham alohida bo‘lgan. Shuningdek, jamoat transportlari — avtobus va metro vagonlarida qora tanlilar alohida o‘tirgan. Bu tartiblarni buzganlar qattiq jazolangan.
Yangi partiyaning tashkil etilishi
1989-yilda Texas shtati markazi Dallas shahrida qora tanlilarning “Qora panteralarning yangi partiyasi” deb nomlangan yangi partiyasi tashkil etiladi.
Yangi partiyani tashkil etganlar eski partiya an’analari va g‘oyalariga sodiq qolishini e’lon qiladi. Biroq eski partiyadan farqli ravishda yangi partiya a’zolari marksizm va maoizm (maoizm – bu Xitoy rahbari Mao Sze Dun nomidan olingan) g‘oyalaridan voz kechadi.
Yangi partiya afroamerikalik Maulan Kanegi tomonidan ilgari surilgan ideologiya bo‘yicha kurashishini e’lon qiladi. Bu ideologiya ham kommunistik ideologiyaga o‘xshash bo‘lib, qora tanlilarning jamoat bo‘lib ishlashi va kooperativ iqtisodiyot bilan shug‘ullanishini ilgari surardi.
Avvalgi partiyadan farqli ravishda yangi partiya liderlarining aksariyati Islom diniga e’tiqod qiladigan shaxslar edi.
Partiyaning g‘oyasi biroz o‘zgargani eski partiya liderlari Xyu Nyutonga yoqmaydi. U va sheriklari yangi partiyani tan olmasliklarini e’lon qilishadi.
1989-yilda Oklend ko‘chalarining birida politsiya qora tanli shaxsning jasadini topadi. Tezda atrofga odamlar to‘planadi va ular politsiyani qotillikda ayblashadi. Shunda kimdir “Iye, o‘ldirilgan odam Xyu Nyuton-ku” deb baqiradi. Haqiqatan jasad unga tegishli edi.
O‘shanda qora tanlilar politsiyani Xyu Nyutonni o‘ldirganlikda ayblab chiqishadi. Aslida esa uni yangi tuzilgan partiya a’zolari o‘ldirgandi.
“Qora panteralar” qayta tashkil etilgandan so‘ng radikal harakatlardan voz kechadi va “Qora tanlilar millatchiligi” yo‘lidan ketadi.
Keyinchalik, “Qora panteralar” harakati qora tanlilar yashaydigan boshqa davlatlarda, masalan Britaniya, Jazoir va Fransiyada ham paydo bo‘ladi. Biroq ular AQSHdagiday ommalashmaydi.
Keyinchalik “Qora panteralar” partiyaga, prezidentlik saylovlarida nomzodlar hisoblashadigan kuchga aylanadi. Bugungi kunda partiyaga Kristal Muhammad rahbarlik qilmoqda. 2001-yildan buyon partiya rahbari bo‘lib kelgan amerikalik advokat Malik Zulu Shabazz 2013-yilda partiya rahbarligidan ketadi. O‘sha yili uning o‘rniga Kristan Muhammad tayinlanadi.
“Qora panteralar” haqida ko‘plab kitoblar yozilgan, filmlar suratga olingan. Gollivudning turli filmlarida partiya haqida eslab ketilgan.
Masalan, 1994-yilda suratga olingan va jahonga mashhur aktyor Tom Henks bosh rolni ijro etgan “Forest Gamp” filmida “Qora panteralar” haqida gap bor. Ya’ni filmning qora tanli qahramoni shu partiyaga a’zo ekanini aytadi.
Umuman olganda “Qora panteralar” partiyasi garchi jinoiy o‘tmishga ega bo‘lsa-da AQSHdagi fuqarolar huquqlari milliy muzeyiga kiritilgan. Bu harakatni XX asrdagi qora tanlilarning inqilobiy harakati deb atashadi.
Aytgancha, hozirgi kunda siyosiy aktivligini birmuncha yo‘qotgan “Qora panteralar” partiyasi sobiq rahbari Devid Xilliard 2024-yil kuzda o‘tkazilgan saylovda Donald Trampni qo‘lladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.
Bu shaxs Donald Trampni bekorga qo‘llamadi. U AQSH prezidenti bilan 1960-yillardan tanish ekani aytiladi. Xilliard Trampni qo‘llashini aytib chiqqanda bir paytlar u partiyaga moliyaviy ko‘mak berganini ham ta’kidlab o‘tgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)