Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida boks bo‘yicha Jahon kubogi (World Boxing) yarim final bahslari davom etmoqda.
Musobaqaning 4-kuni o‘zbekistonlik 5 nafar bokschi 1/2 final bosqichida ringga ko‘tarilib, ularning 4 nafari g‘alaba qozondi.
Asilbek Jalilov (-50) hindistonlik Jadumani Mandengbamga qarshi ringga chiqib, 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabaga erishdi. -60 kg vazn toifasida jang olib boradigan Madiyar Daniyarov mezbon sportchi Luis Oliveyraga imkoniyatni boy berdi — 1:4.
Fazliddin Erkinboyev (-75) polshalik Mixal Yarlinskini mag‘lubiyatga uchratib (4:1), final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Parij Olimpiadasi ishtirokchisi To‘rabek Habibullayev (-90) hindistonlik Vishalga hech qanday imkoniyat qoldirmay, 5:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
+90 kg vazn toifasida ringga chiqqan Jahongir Zokirov yarim final doirasidagi bahsda qozog‘istonlik Daniyal Saparbayni 5:0 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘llanma oldi.
O‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglar natijasi:
- -50 kg: Asilbek Jalilov – Jadumani Mandengbam (Hindiston) 3:2
- -60 kg: Madiyar Daniyarov – Luis Oliveyra (Braziliya) 1:4
- -75 kg: Fazliddin Erkinboyev – Mixal Yarlinski (Polsha) 4:1
- -90 kg: To‘rabek Habibullayev – Vishal (Hindiston) 5:0
- +90 kg: Jahongir Zokirov – Daniyal Saparbay (Qozog‘iston) 5:0
Bugun yarim final janglari davom ettiriladi. Yana 3 ta o‘zbekistonlik bokschi final yo‘llanmasiga ega chiqish uchun ringga ko‘tariladi.
Juftliklar bilan tanishing:
- -55 kg: Mirazizbek Mirzahalilov – Jose Felipe (Gvatemala) 03:15
- -80 kg: Javohir Ummataliyev – Dias Moljigitov (Qozog‘iston) 04:00
- -85 kg: Akmaljon Isroilov – Yakub Strashevski (Polsha) 04:45
Bahslar 4-apreldan 5-aprelga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan tungi 02:00 da start oladi.








