Daryo

Hasanboy Do‘stmatov Jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi deb topildi

O‘zbekiston boks terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan musobaqani 9 ta medal bilan yakunladi.

1 daqiqa o‘qish11 443 ko‘rishlar0 izoh8

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha Jahon chempionati yakunlandi. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etilgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida 13 nafar bokschi ishtirok etib, 2 ta oltin, 4 ta kumush hamda 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

−51 kg vazn toifasida ishtirok etib, faoliyatida ikkinchi bor Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘stmatov musobaqaning eng yaxshi bokschisi, deb topildi.

Do‘smatov bunga qadar 2023-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan IBA Jahon chempionati hamda 2016-yilgi Rio Olimpiadasida ham “Eng yaxshi bokschi” sovriniga loyiq ko‘rilgan edi.

Kecha, 14-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan final janglarida Hasanboy Do‘stmatov (−51 kg) hamda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (−67 kg) g‘alaba qozonib, oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Abdumalik Halokov (−60 kg), Javohir Ummataliyev (−80 kg), Arman Maxanov (+92 kg) hamda To‘rabek Xabibullayev (−92 kg) kumush medalga ega chiqdi. Shuningdek, Fazliddin Erkinboyev (−75 kg), Asilbek Jalilov (−54 kg) hamda Xo‘janazar Nortojiyev (−57 kg) O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga bronza medallarini qo‘shib qo‘ydi.

Musobaqada eng ko‘p medal rossiyalik bokschilar tomonidan qo‘lga kiritildi. Ular 7 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan umumjamoa reytingida birinchi o‘rinni egalladi. 3 ta oltin, 1 ta kumush hamda 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan Qozog‘iston terma jamoasi ikkinchi pog‘onadan joy oldi. O‘zbekiston terma jamoasi esa kuchli uchlikni yakunladi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar