Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida erkaklar o‘rtasida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionati davom etmoqda. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etilgan musobaqaning chorak final bosqichida O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar bokschisi ringga chiqdi va ularning 9 nafari yarim finalga yo‘l oldi.
Dastlab -48 kg vazn toifasidagi ringga chiqqan Shodiyorjon Meliqo‘ziev chorak finalda musobaqa bilan xayrlashdi. U ozarbayjonlik Subhan Mamedovga qarshi kechgan jangda 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. -54 kg vaznda Asilbek Jalilov esa serbiyalik Artur Nagapetyanni 4:1 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Abdumalik Halokov ham o‘z vaznida chorak finalda g‘alaba qozondi. U ozarbayjonlik Mahammadali Ashiraliyevni 5:0 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi yarim finalchiga aylandi. -67 kg vaznda ringga chiqqan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozog‘istonlik Sanatali Toltayevni 4:1 hisobida mag‘lub etib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Shuningdek, -75 kg vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev ozarbayjonlik Saidjamshid Jafarovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 5:0.
-86 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Akmaljon Isroilov rossiyalik Sharabutdin Atayevga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
+92 kg vaznda Arman Maxanov kubalik tajribali bokschi Alejandro Lopezni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. -51 kg vaznda ikki karra Olimpiya chempioni va Jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov ham yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi. U chorak finalda tojikistonlik Meroj Sufijonovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 5:0.
Shuningdek, kunning ikkinchi qismida -57 kg vaznda Xo‘janazar Nortojiyev armanistonlik Jirair Sarisyanni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Javohir Ummataliyev esa serbiyalik raqibini 5:0 hisobida yengib, yarim final ishtirokchisiga aylandi. Kunning oxirgi jangida -92 kg vaznda To‘rabek Xabibullayev kubalik ikki karra Olimpiada chempioni va besh karra jahon chempioni Xulio La Kruzni 4:1 hisobida mag‘lub etib, O‘zbekiston terma jamoasi safida 9-yarim finalchiga aylandi.
Bugun, 11-dekabr kuni musobaqaning yarim final bahslari o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining 9 nafar a’zosi final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Yarim final juftliklari bilan tanishing:
- -54 kg: Asilbek Jalilov — Vyacheslav Rogozin (Rossiya), 17:30
- -60 kg: Abdumalik Halokov— Artur Bazeyan (Armaniston), 18:00
- -67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev — Alehandru Paraschiv (Moldova), 18:30
- -75 kg: Fazliddin Erkinboyev — Sabirjan Akkalikov (Qozog‘iston), 19:00
- +92 kg: Arman Maxanov — Davit Chaloyan (Armaniston), 20:00
- -51 kg: Hasanboy Do‘smatov — Rudolf Garboyan (Armaniston), 22:00
- -57 kg: Xo‘janazar Nortojiyev — Xusravxon Rahimov (Tojikiston), 22:45
- -80 kg: Javohir Ummataliyev — Arlen Lopes Kardona (Kuba), 00:00
- -92 kg: To‘rabek Xabibullayev — Alfonso Dominges (Ozarbayjon), 00:30
Yarim final janglari Toshkent vaqti bilan birinchi dastur 17:00 da, ikkinchi dastur esa 22:00 da boshlanadi. Terma jamoamizning vakillari bugungi kun natijasida finalga yo‘l olishga harakat qiladi.








