Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan Bator shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yarim final bahslari o‘tkazildi.
Musobaqada ayollar va erkaklar o‘rtasida 10 tadan vazn toifasida jangler tashkil etildi. Yarim finalga 11 nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari yetib kelgan edi.
- Hindiston — 16 nafar
- Qozog‘iston — 13 nafar
- O‘zbekiston — 11 nafar
- Xitoy — 8 nafar
- Mo‘g‘uliston — 5 nafar
- Tailand — 4 nafar
- Xitoy Taypeyi — 4 nafar
- Yaponiya — 4 nafar
- Shimoliy Koreya — 3 nafar
- Tojikiston — 3 nafar
- Iordaniya — 3 nafar
- Janubiy Koreya — 2 nafar
- Filippin — 1 nafar
- Turkmaniston — 1 nafar
Kun davomida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar bokschisi ringga ko‘tarildi.
-70 kg vazn toifasida yarim finalda ishtirok etgan Oysha Toirova hindistonlik Arundhati Choudhariga qarshi jang qildi. Hamyurtimiz bor imkoniyatini ishga soldi, biroq raqib ustun keldi — 1:4. Shu tariqa Toirova musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
-75 kg vaznda Aziza Zokirova turnirning birinchi raqamli saralangan bokschisi, hindistonlik Lovlina Borgohain bilan to‘qnash keldi. Ushbu jangda Zokirova raqibasiga hech qanday imkon qoldirmadi va 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.
+80 kg vazn toifasida Oltinoy Sotimboyeva qozog‘istonlik Dina Islambeekovaga qarshi ringga chiqdi. Avvalroq “Stranja” turniri yarim finalida aynan shu raqibasini 3:2 hisobida mag‘lub etgan Sotimboyeva bu safar 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan cheklandi.
-65 kg vazn toifasida Abdullоh Madaminov yarim finalda yaponiyalik Shion Nishiyamaga qarshi bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan jangda Madaminov katta ustunlik bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 7-aprel kuni Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar bokschisi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.
Shuningdek, -80 kg vazn toifasidagi Ruxshona Parpiyeva to‘g‘ridan-to‘g‘ri final bosqichiga yo‘l oldi.
Juftliklar va jang vaqtlari:
- -57 kg: Nigina O‘ktamova — Jasmin (Hindiston) | 09:30
- -75 kg: Javohir Abdurahimov — Akash (Hindiston) | 10:00
- -85 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev — Lokesh (Hindiston) | 10:45
- -60 kg: Abdurahmon Mahmudjonov — Orazbek Assilkoulov (Qozog‘iston) | 14:30
- -80 kg: Fazliddin Erkinboyev — Minseong Kim (Janubiy Koreya) | 15:15
- -90 kg: Halimjon Mamasoliyev — Tog‘ambay Sagindik (Qozog‘iston) | 15:45








