Daryo

“Paxtakor” — “Al-Hilol” uchrashuvida ustunlik kim tomonda?

Uchrashuv atrofidagi yangiliklar, qiziqarli faktlar va tarkibdagi yo‘qotishlar haqida

2 daqiqa o‘qish11 558 ko‘rishlar0 izoh0

Futbol bo‘yicha Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 1/8 final doirasidagi “Paxtakor” — “Al-Hilol” uchrashuvi bugun, 4-mart kuni bo‘lib o‘tadi. 

Foto: Paxtakor matbuot xizmati

O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining eng sovrindor klublari o‘rtasidagi bahs Toshkentdagi “Jar” stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv 21:00 da start oladi. 

O‘zaro o‘yinlardagi natija

Shu kunga qadar mazkur jamoalar o‘zaro 8 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, 5 ta uchrashuvda riyodliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 3 o‘yin durang bilan yakunlangan. “Paxtakor” hozirgacha umuman “Al-Hilol”ni mag‘lub eta olmagan.

O‘zaro o‘yinlarda kiritilgan to‘plar farqi ham Saudiya klubi foydasiga — 15:5. “Sherlar” safidan Igor Sergeyev 2 marta “Al-Hilol” darvozasini ishg‘ol qilgan, shuningdek, Zayniddin Tojiyev, Davron Hoshimov va Eren Derdiyok bittadan gol kiritishni uddalagan.

Foto: Shutterstock

Qiziqarli faktlar

Chempionlar Ligasidagi ishtirok bo‘yicha ikki jamoada ham bir xil natija qayd etilgan — 19 martadan. Har ikki jamoaning ham murabbiylari portugaliyalik hisoblanadi. “Paxtakor”ni hozirda Pedru Moreyra boshqarmoqda. “Al Hilol”ga esa Jorje Jezush ustozlik qiladi.

Sovrinlar

“Sherlar” O‘zbekistonning eng sovrindor jamoasi hisoblanadi. Ular 15 marta Superliga oltin medallariga ega chiqqan hamda 13 marta O‘zbekiston Kubogida g‘alaba qozongan. Klub ichki chempionatning barcha mavsumlarda qatnashib kelayotgan uch klubdan biri bo‘lib turibdi. 
Riyodliklar ham Saudiya Arabistonining eng sovrindor jamoasi hisoblanadi. Ular ichki chempionatida 19 bor, mamlakat kuboklarida 37 marta, Chempionlar Ligasida esa 4 bor zafar quchgan.

Tarkib va yo‘qotishlar

“Paxtakor” qishki transferlar mavsumida bir qancha xaridlarni amalga oshirdi. Klub Bashar Resan, Igor Sergeyev, Lukka, Jonatan, Flamarion, Riaskos Brayan kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan. 
“Al-Hilol” tarkibida esa Yassin Bono, Kalidu Kulibali, Milinkovich-Savich, Kanselu, Malkom va Mitrovich kabi bir qancha yulduzlar harakat qiladi.

Foto: Getty Images

“Al-Hilol” Toshkentga jiddiy yo‘qotishlar bilan keldi. Klubning Aleksandir Mitrovich, Renan Lodi, Joao Kanselu va Yossir al Shahroni kabi yetakchilari bugungi bahsni o‘tkazib yuboradi. “Paxtakor”da esa faqatgina Sardor Sobirxo‘jayev diskvalifikatsiya sabab uchrashuvda qatnasha olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv bugun, 4-mart kuni Toshkentdagi “Jar” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv 21:00 da boshlanadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar