Daryo

Andijon shahri sobiq hokimi yangi lavozimga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay ishdan olindi

Dilmurod Rahmatullayev obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida bir necha kun ishladi

1 daqiqa o‘qish56 780 ko‘rishlar0 izoh0

Andijon shahri sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev 17-avgust kuni shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. Biroq oradan bir hafta o‘tib ishdan olindi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.

Foto: Andijon shahar hokimligi

Uning o‘rniga Azizbek Azimov Andijon shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Azizbek Azimov 2024-yilning aprelidan buyon O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. U mehnat faoliyati davomida hokimiyat tizimi va viloyat ta’lim boshqaruvida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, Dilmurod Rahmatullayev ta’lim tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Bir muddat viloyat xalq ta’limi boshqarmasini boshqargan. 2016—2019-yillarda Andijon shahriga hokimlik qilgan.

U 2017-yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan audiosi tarqalib ketganidan so‘ng internetda mashhur bo‘lgandi va o‘sha yilning dekabr oyida sud hukmi bilan eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgandi.

2018-yilning aprelida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun byudjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun bosh vazir tomonidan hayfsan olgan hamda oxirgi marotaba ogohlantirilgandi.

2019-yilning avgustida esa u haqda video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Dilmurod Rahmatullayev “Bu Andijon shahri, viloyat va rahbariyatni obro‘siga putur yetkazish, deb o‘ylayman. Buni qoralayman, la’natlayman”, deya munosabat bildirgandi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sobiq hokim Dilmurod Rahmatullayev ishiga salbiy baho berib, uni ko‘p marotaba ogohlantirganini alohida ta’kidlagan. Keyinchalik u 30 ga yaqin holatda qonun talablariga zid hujjatlarni imzolagani aniqlangan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar