Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev 16-oktabr kuni shahardagi bir qator ta’lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi holati yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirish boshlangani oldinroq xabar qilingan edi. Bosh prokuratura saytida tekshirish yakunlari va ko‘rilgan chora haqida ma’lumot berildi.

Foto: “Kun.uz”

Aytilishicha, tekshirish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar kengashi tomonidan D. Rahmatullayevni ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, D. Rahmatullayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.

Sud qarori bilan D. Rahmatullayev MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Ma’lumot uchun, EKIHning 30 baravari 5167200 so‘mga teng.