Aktyor va rejissor Azamat Ahrorovning nafaqat ijodi, balki shaxsiy hayoti ham odamlar uchun qiziq. U shaxsiyatini ommadan yashirmaydi va kamchiliklarini tan olishdan ham uyalmaydi.
“Futbolchi bo‘lmoqchi edim”
Azamat Ahrorov 1991-yilning 28-yanvar sanasida Buxoro viloyatida dunyoga kelgan. U oilada eng kichik farzand bo‘lib, ikki opasi va bir akasi bor.

— Bolalikda sanʼatkor bo‘lishni orzu qilmaganman. Futbolchi bo‘lishni orzu qilib, muntazam sport bilan shug‘ullanganman. Keyinchalik aktyorlikka, xususan, murakkab tryuklarni bajaradigan, jangari filmlarda suratga tushadigan aktyorlar faoliyatiga qiziqib qoldim. Bu xohish meni sanʼat institutiga yetaklab keldi. Ammo aktyorlarga bo‘lgan baʼzi munosabat menga yoqmadi. Chunki aktyor sho‘rlik rejissorning taklifini kutib yashashi kerak ekan. Kimgadir yalinish, ilinjda yashash tabiatimga to‘g‘ri kelmagani uchun o‘zimni rejissorlikda sinab ko‘rishga qaror qildim. Filmlarimni avvalo o‘zim uchun suratga olaman. Mening aktyorlik jihatimni o‘zimdan boshqa rejissor yaxshiroq ochib berolmaydi, deb hisoblayman, — deydi Azamat Ahrorov.
“Ko‘cha hayotida ulg‘ayganman”
Aktyor bir necha yil tuban hayotda yashagani va filmlardan katta daromad olgani-yu, ammo u pullarning barakasi bo‘lmagani haqida so‘zlab bergan.

— Ilgari eng tuban hayotda yashaganman. Yashirmayman, ichardim, nasha chekardim va qizlar bilan yurardim. Hozir eslasam, afsuslanadigan hayotim bo‘lgan. Suratga olgan filmlarimdan katta-katta mablag‘ topganman, ammo barakasi bo‘lmagan.
Bir insonga ishonib, Captiva rusumli avtomobil xarid qilganman. Mashinaning davlat raqami firmaning nomida bo‘lgan, u firmaning egasi qaysidir ishi uchun ozodlikdan mahrum etilgan. Captiva’ni tortib olishlari haqida eshitganimdan keyin uni yashirib qo‘yganmiz. Besh yil mashinani yashirib saqladik, keyinchalik mashinani o‘z nomimga rasmiylashtirib oldim. U vaziyatda juda qiyin bo‘lgan, pulsiz qolib ketganman. “Ko‘cha” nomli serialni suratga olib, unga ham ancha vaqtgacha telekanaldan pulini ololmay yurganman. Men ko‘cha hayotini yaxshi bilaman, chunki bolalikdan shu muhitda ulg‘ayganman, — deydi Azamat Ahrorov.
“ ‘Zo‘r TV’ bilan sudlashdim”
Azamat Ahrorov rejissorlarning ishi yerga urilishi va mehnatiga yarasha haq to‘lanmasligi haqida gapirdi. Shu bilan birga, serial suratga olib, og‘zi kuygani va ish sudgacha yetib borgani haqida aytdi.

— “Kino olmayapsizmi?” degan gapni ko‘p eshitdim. Men moliyaviy daromad olmagan taqdirimda ham, yiliga kamida to‘rtta kino suratga olaman. Hozir tijorat filmlaridan foyda olish juda qiyin. Shunday vaziyatda ham sanʼat uchun ijod qilishni to‘xtatganim yo‘q. Faqat orada bir muddat seriallar suratga olishni ham yo‘lga qo‘ygandim. Ammo bu yo‘nalishda o‘zimni topolmadim. Birinchidan, seriallar uchun juda kam haq to‘lanadi, shu bois kam xarajat qilib, ko‘proq kadr olishga, keraksiz epizodlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Chunki serialda efir vaqtini to‘ldirish muhim ahamiyatga ega. Ikkinchidan, balki televideniye rahbarlari bilmas, ammo uni qabul qilishda qo‘l ostidagilar monopoliyaga yo‘l qo‘yadi. O‘zlari birorta ijodiy ish qilmay, olib borilgan serialni yerga uradi.

Masalan, 2019-yili “Ko‘cha” nomli serial suratga olganman. U faoliyatimdagi eng og‘ir va g‘alvali ijodiy ish bo‘lgan. U paytda dollar kursi pastroq edi, ammo uni tasvirga olish uchun 80 ming AQSH dollari sarflagandim. U paytlari seriallarning har bir qismini 4 milliondan sotib olishardi. “Ko‘cha”ga katta mablag‘ sarflaganim uchun 12 milliondan kamiga sotmasligimni aytganman. Ikkita kanal talashib, “Zo‘r TV” oladigan bo‘ldi. Oltmish qismga shartnoma tuzganimizdan keyin 20 tasini efirga berib, qolganini ololmaymiz, degan. Qanaqasiga olmaysizlar, men mablag‘ sarflab bo‘lganman, aktyorlarning ham haqini berishim kerak, deganman. Pul bermayman, nima qilsang qil, deb ko‘cha odamlari bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lib, yerto‘laga olib tushishgan. Sudga berishga majbur bo‘ldim. Uzoq davom etgan jarayonlardan so‘ng sudda g‘olib bo‘ldim va menga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘ to‘lab berildi, — deydi Azamat Ahrorov.
“Sug‘diyona Azimova san’atga qaytmasa kerak”
Azamat Ahrorov doimiy partnyori Sug‘diyona Azimovaning turmushga chiqishi va nega boshqa aktrisalar bilan hamkorlik qilmasligi haqida ham gapirib o‘tdi.

— Sug‘diyonaga ko‘p marta umr o‘tyapti, turmushga chiqishingiz kerak, deb gapirardim. Taqdirda yozilgan ekan, umra safariga borganida juftini uchratib, to‘yi bo‘ldi. Uning oila qurganidan juda xursandman, hozir uning kinoga qaytishi emas, balki baxti haqida o‘ylayapman. Sug‘diyonasiz ham ijodimiz davom etadi. Yonimdagi ssenaristlar “Qaysarginam 3”ni qanday suratga olamiz, deb so‘radi. Bilmadim, balki u kino bo‘lar, balki bo‘lmas, dedim. Nazarimda, u sanʼatdan ketgan.

Shu kungacha Sug‘diyona Azimovadan tashqari juda ko‘p aktrisalar bilan hamkorlik qilganman. Bir marta ishlab “qayta kinoga taklif etmayman”, deyishimga ko‘p omillar sabab bo‘lgan. Masalan, oilaviy mojarolar kelib chiqishi, feʼl-atvori to‘g‘ri kelmasligi yoki kassa o‘zini oqlamasligi ham mumkin. Sug‘diyona Azimovani 4-5 ta kinoga taklif etdim. Faoliyatimdagi eng kassa bop filmlarda aynan u bilan juftlik rolini ijro etganmiz, — deydi Azamat Ahrorov.
“Tubanlikdan chiqishimga ota bo‘lganim sabab bo‘ldi”
Aktyor tuban hayotdan chiqishiga qizalog‘ining dunyoga kelishi sabab bo‘lgani haqida ham so‘zlab berdi.

— Oila qurib, birinchi farzandimni qo‘limga olganimda ulg‘ayganimni his qildim. Otalik meni o‘zgartirdi. Hozir ham o‘zimni ko‘p narsadan tiyaman, xususan, axloqsizlik bo‘lgan yerlarga borishdan saqlanaman. Avvalgi tanishlarim bilan ko‘rishib qolsam, ularni oilaviy o‘tirish mumkin bo‘lgan yerlarga olib borishga harakat qilaman.
Bundan tashqari, avvalgi hayotimga qaytib, ayolim Dilnozaning ham ko‘nglini og‘ritishni istamayman. Avvalgi hayotimni turmush o‘rtog‘imdan yashirmaganman. Juda ko‘p qizlar bilan ishqiy munosabatda bo‘lganimni, ichib-chekib yuradigan bola bo‘lganimni yaxshi biladi. Madrasada o‘qigan bola bo‘lmaganman. Sanʼatga ko‘cha hayotidan kirib kelganimni ham juda yaxshi biladi. Eng qizig‘i, shou-biznes chirkinliklar tubida ekanligini ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Sanʼat vakillarining hayoti hamisha aysh-ishrat, maishat bilan bog‘liq. Masalan, to‘yga borasiz u yerda har xil odam bilan to‘qnashasiz. “Keling o‘tiramiz, gaplashamiz”, deydi. Hatto rad javobini bersangiz, kattaroq odam bo‘lsa ertaga “zapret”ga tushirib qo‘yishi ham mumkin. Shunday vaziyatlardan qochishga harakat qilaman.
“Ayolimdan minnatdorman”
Azamat Ahrorov unga chidab yashayotgani uchun ayolidan minnatdorligi haqida gapirdi.

— Men bilan yashash oson emas, ayolim haligacha qiynaladi. Odatda ayolim haqida gapirishni, har xil fitnalar bo‘lishini istamayman. Uchta farzandimiz bor, ularning parvarishi va tarbiyasi bilan shug‘ullanishning o‘zi katta ish. Doimiy sport bilan shug‘ullanganim uchun maxsus ratsiondagi taomlarni isteʼmol qilaman. Ayolim menga, farzandlarimga va o‘zi uchun alohida taom tayyorlaydi. Enaga, yordamchilar bo‘lsa ham, asosiy qiyinchilik o‘ziga tushadi.

To‘g‘ri yo‘lga kirganimdan keyin hayotimda juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Uy va mashina oldik, ro‘zg‘orimizga ham baraka kirdi. Tasavvur qiling, hozirgi kunda bitta filmimni kinosaroyda 70 mingta tomoshabin ko‘rsa, qancha summa bo‘ladi? Men yiliga kamida to‘rtta film suratga olaman. 3-4 yil avval tomoshabinlar soni bugungidan ancha ko‘p edi. Qancha pul topganimni tasavvur qilyapsizmi? Ammo baraka bo‘lmagan. Pul osonlik bilan topilar va aysh-ishratga ketib qolardi. Hech narsa orttirolmasdim, hozir esa oyiga 3 ming dollar topsam ham, barakasi bo‘ladi. Shuning uchun oilali bo‘lish barakaning asosiy omili ekan, deb o‘ylab qolaman, — deydi Azamat Ahrorov.
“Daryo”ning YouTube kanaliga joylangan suhbatni to‘liq holda tomosha qilib, aktyor va rejissor Azamat Ahrorov haqida yanada to‘liq ma’lumotga ega bo‘ling.
Izoh (0)