Namangan shahrida yashovchi voyaga yetmagan qiz taqiqlangan diniy audiolarni tarqatib kelgani aniqlandi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, voyaga yetmagan shaxs respublikada faoliyati taqiqlangan diniy tashkilotga tegishli bo‘lgan mazkur aqidaparastlik g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.
Mazkur holat yuzasidan sud jarayonida qiz telefoni Rossiyaga ishlash uchun ketgan akasiniki bo‘lgani, undagi turli diniy mazmundagi audioyozuvlar akasi tomonidan yozilgani, o‘zi ham buni tushunmay boshqalarga tarqatganini maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, ayblanuvchi diniy audiomateriallar g‘oyasidan o‘zi ham bexabarligi va aybiga to‘liq iqrorligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, unga yashash joyidan chiqish cheklangan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish
Bundan oldin O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda “juma tabrigi”, “Qurʼoni karim oyatlari”, “Payg‘ambar alayhissalom hadislari”, yurtimiz ulamolari va imom-domlalarining ma’vizalarini tarqatish go‘yoki mumkin emas ekani aytilayotgan asossiz xabarlarga munosabat bildirgandi.
Diniy idora buzg‘unchi oqimlar g‘oyalarini o‘ziga jalb etuvchi musiqiy ohang, fotosurat yoki ramzlar orqali zimdan tarqatishga urinayotganini eslatib o‘tgan. Shuning uchun ham ekstremistik g‘oyalarni har qanday shaklda xoh juma tabrigi bo‘lsin, xoh boshqacha atribut yoki surat shaklida bo‘lsin, ularni tarqatish, saqlash va foydalanish qonunan taʼqiqlanadi. Avvalroq tarqatish taqiqlangan ekstremistik sayt va tarmoqlar ro‘yxati eʼlon qilingan edi. Iyun boshlarida internet orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar tarqatgan qashqadaryolik yigit 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Izoh (0)